Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi Vatan himoyachilarini bayram bilan qutladi

Hurmatli Vatanimiz himoyachilari, yurt qalqonlari, mamlakatimiz posbonlari! Oila atalmish qo‘rg‘onning mustahkam ustunlari!

Siz, azizlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 28 yilligi hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy qutlaymiz!

Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotingizni Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan Siz, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iborat. Biz Siz bilan, ana shunday g‘oyat mas’uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtiga sadoqatli Vatan himoyachisi bilan faxrlanamiz.

Biz, ayollar tinch va osuda yurtning munavvar tonggini har kun ulkan orzu-umidlar bilan qarshi olar ekanmiz, jannatmonand O‘zbekistonning baxtli ayoli ekanligimizdan faxr va g‘ururni tuyamiz. Erishayotgan yutuqlarimiz, farovon kunlarimiz zamirida Sizning samimiy g‘amxo‘rligingiz, tinimsiz sa’y-harakatlaringiz turganligini har birimiz chin dildan his qilamiz.

Sizdek vatanparvar, mard va jasur insonlar bor ekan, yurtimiz tinch, farovon va albatta qudratli bo‘lishiga ishonamiz.

Sizga sog‘lik-salomatlik, uzoq umr va oilaviy baxt hamda mashaqqatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Hurmat bilan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari,

xotin-qizlar qo‘mitasi raisi  Gavhar ALIMOVA.