Gavhar ALIMOVA: Endi zo‘ravonlar javobgarlikdan qutulib qololmaydi

Zarnews.uz saytida bugun «Xotin-qizlar qo‘mitasi ikki o‘t orasida qoldimi yoki zo‘ravonlikka qarshi kim kurashishi kerak?» nomli maqola e’lon qilingandi. Bugun viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan shu mavzu yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda zo‘ravonlikka qarshi kurashish choralari haqida so‘z yuritildi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining «Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risida» Nizom qabul qilingani va uning mazmun-mohiyati aholi orasida targ‘ib etilishi lozimligi belgilandi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu Nizom ichki ishlar organlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini, shuningdek, ushbuni sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga  himoya orderining nusxasini berish tartibini belgilaydi.

- Mazkur Nizom bilan zo‘ravonlikka barham berishning aniq mexanizmlari belgilab berildi, - deydi yig‘ilishda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova. - Ilgari xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalada ko‘proq yarashtiruvchi vazifasini o‘tagandi. Endilikda hamkor tashkilotlar bilan bu holatga qarshi  jiddiy kurashuvchi bo‘lishi lozim. Axir qachongacha oiladagi zo‘ravonlikni yashiramiz? Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap bor xalqimizda. Mana, yaqin oylarda Urgut, Samarqand tumanlarida eri ichib kelib, rafiqasiga tan jarohati yetkazgani ularning umriga zomin bo‘ldi. Xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalada avval bu holatlarning oldini olishda qaysidir ma’noda qo‘li bog‘langan edi.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini amalga oshirish uchun endilikda ushbu Nizom asosida ish olib boramiz. Zo‘ravonlik holatlari statistikasi yuritila boshlaydi. To‘g‘ri, shu paytga qadar xotin-qizlarni zo‘rlikdan himoya qilish maqsadida viloyatda tashkil etilgan 17 ta reabilitatsiya markazlariga 700 dan ortiq ayollar murojaat qilgandi. Ularning 170 nafariga psixologik yordam ko‘rsatilgandi. Ammo aynan tazyiq va zo‘ravonlik holati statistikasi yuritilmasdi. Nizomda himoya orderini berish tartibi, uning amal qilish muddati, bu masalada ichki ishlar, xotin-qizlar qo‘mitasi vakillarining vazifalari aniq belgilab berilgan.

Bu masalada vakolatimiz doirasida ishlar olib borganmiz. Misol uchun, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, zo‘ravonlikka, tazyiqqa uchrashi ehtimoli bor oilalar ro‘yxati shakllantirilgan va ular bilan doimiy ravishda ish olib borilayotgandi. Xususan, besh mingdan ziyod og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlar, 600 dan ziyod turmush o‘rtog‘i muttasil ichkilikka berilgan oilalar aniqlanib, ularga tegishli tartibda yordam berib borilmoqda. Ammo aksar holatlarda zo‘ravonlika e’tiborsizlik holati hukm surayotandi. Bizning ayollarimiz bu holatni yashirishga urinishi bor gap. Shuning uchun ilgari jabrdiydalar o‘zlari murojaat qilmasa, ilojimiz yo‘q, deb zo‘ravonlar jinoiy javobgarlikdan qutulib qolishgan. Endi bunday bo‘lmaydi.

Gulruh MO‘MINOVA.

Zamira BALTAYeVA (foto).