Xotin-qizlar qo‘mitasi ikki o‘t orasida qoldimi yoki zo‘ravonlikka qarshi kim kurashishi kerak?
Kelinni urish voqeasi tarmoqlarga tarqalib ketishining o‘zi o‘sha oila, ayol uchun hatto tan jarohatidan ham og‘irroq zarba, aslida. Ammo gap bu haqda emas. Yaqinda shu mazmundagi tarqalgan videodagi voqealar xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘rganildi.
Ammo ushbu video olinganiga biroz vaqt o‘tgan, ishtirokchilar bu voqeani qariyb unutgan va kelin qaynona allaqachon yarashib, hech narsa yuz bermayotganday totuv yashashda davom etayotgan ekan. Ya’ni, holatni o‘rganuvchi tashkilot xuddi shunday xulosani bermoqda. Da’vo qilinmagani uchun ushbu voqeani sodir etganlarni jazolash imkoni yo‘q. Lekin qiziq tomoni shundaki, nega tayyor fakt, asos bo‘la turib, ish sudga oshirilmaydi?
To‘g‘ri, bu masalada xotin-qizlar qo‘mitasi da’vogar bo‘lib chiqishi mumkin. Ammo xotin-qizlar qo‘mitasining yana bir muhim vazifasi oilalarni yarashtirish, murosaga keltirish, bir so‘z bilan aytganda, ajralishlarning oldini olish. Shu masalada olib borilgan ishlar bo‘yicha hisobot ham tayyorlaydi, hatto.
Mentalitetimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, agar yuqoridagi holat bo‘yicha ish ochiladigan bo‘lsa, oilaga sovuqchilik tushadi, kelin yana bir bor oiladagilarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoladi (tan olaylik, bu vaziyatda ham urgan emas, urilgan odam yana aybdor bo‘lib qoladi). Bu holatni tushungan xotin-qizlar qo‘mitasi oiladagi tinchlikni asrash maqsadida bu oiladan doimiy xabardor bo‘lish vazifasini zimmasiga olib, “oilada nimalar bo‘lmaydi” qabilida ularning yaxshi yashab ketishiga tilakdoshlik qilishdan o‘zga chorasi qolmaydi. To‘g‘risini aytish kerak, ko‘pchiligimiz shunday yo‘l tutardik va boshqacha qadamni hatto noto‘g‘ri hisoblaymiz. Lekin biz zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha jiddiy islohotlar arafasidamiz. Bunga allaqachon qadam tashlandi.
O‘tgan yili mamlakatimizda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu hazilakam gap emas. Ammo uning ijrosichi? Xo‘sh, birining oilasiga sovuqchilik tushadi, boshqasining oilasi buzilib ketadi, deya bu qonunni chetlab o‘tish kerakmi? Umuman kim shug‘ullanadi bu masala bilan?
Qonunda Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, bandlik, ichki ishlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash idoralari, fuqorolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat tuzilmalar, jumladan, xotin-qizlar qo‘mitasining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari aniq belgilangan.
Misol uchun, ichki ishlar organlarining qator vazifalari barobarida tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga rasmiy ogohlantirish, himoya orderini beradi, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘radi kabi bandlar ham belgilangan. Unda yuqoridagi holatda nega ichki ishlar organlari o‘z vazifasini bajarmadi?
Yoki albatta, videodagi zo‘ravonlik fojia bilan tugashi kerakmidi? Mentalitet degani zo‘ravonlik degani emas. Buni yo‘qotish uchun Qonun qabul qilingan. Uning ijrosi amalga oshmas ekan, zo‘ravonlikni yo‘qotish masalasi qog‘ozlarda qolib ketavermaydimi?
Gulruh MO‘MINOVA.