Xotin-qizlarni o‘qitishning 70 foizi kimlarga qoplab beriladi? Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar borasidagi yangi qarorda bir qator yo‘nalishlar ko‘zda tutilgan

Davlatimiz rahbarining 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil qilish hamda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, mehnat qilish va daromad topishi uchun ularga teng imkoniyatlar yaratadi.
- Ushbu qarorda 2022 yil 1 iyuldan mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilandi hamda ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi tarkibi tuzildi, - deydi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Baxriyor Rafeyev. – Shuningdek, mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish belgilandi.
2022 yil 1 noyabrgacha mahallalardagi xotin-qizlar faollari xonadonlar ahvoli, oilalarning ijtimoiy xizmatlarga ehtiyoji, oilalarga aniq ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotlar, murakkab operatsiyalarga, nogironlarning protez-ortopediya buyumlariga ehtiyoji bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har 2 haftada hududiy shtabga kiritadi. Bu ma’lumotlar umumlashtirilgan holda 2 kunda muvofiqlashtirish shtabiga yuboriladi. Kelib tushgan ma’lumotlar asosida 3 kunda haqiqatda ijtimoiy xizmatga ehtiyojmand bo‘lgan oilalarga hududiy shtab a’zosi tomonidan manzilli ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishi tashkillashtiriladi.
Qarorda xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va ular bandligini ta’minlash nazarda tutilgan.
- 2022-2023 yillarda respublika bo‘yicha jami 827 ming 780 nafar, shundan joriy yilda 383 ming 565 nafar xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va ularning bandligini ta’minlash nazarda tutilgan, - deydi Baxriyor Rafeyev. - 2022 yil 1 noyabrdan respublikaning barcha mahallalarida “Mahallada ijtimoiy xizmat” moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
Mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan xotin-qizlarni kasbga o‘qitish bilan bog‘liq xarajatlarning 70 foizi, har bir bitiruvchiga BHMning 4 barobaridan oshmagan miqdori davlat tomonidan qoplab beriladi.
Viloyatimizda ushbu qaror asosida mahallalarda muammolarni aniqlash va hal etish ishlarini kompleks tashkil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga “oilabay” yondashuv tizimini joriy etish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning soni va sifatini oshirish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Boshqarmamiz shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda “Mahallada ijtimoiy xizmat” modulining samarali ishlashini va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yangi tizim asosida ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni mahalla darajasida muvofiqlashtirib boradi.
Bunda mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlari asosida xotin-qizlarni kasbga o‘qitish uchun kelgusi yilning I yarim yilligi uchun har yili dekabrga qadar, II yarim yilligi uchun iyun oyiga qadar davlat buyurtmasini shakllantirish talab etiladi. Iyun va dekabr oylarida oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat bandlik bosh boshqarmasi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, shahar va tumanlar hokimliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi sinf, akademik litsey va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchi kurs o‘quvchi qizlarini axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida qo‘shimcha kurslarda o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirib borishi nazarda tutilyapti.