Xotini bilan janjallashgan erkak avtomashina salonida o‘zini yoqishga urindi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida xotini bilan urushib qolgan erkak o‘z mashinasida o‘zini yoqishga harakat qildi. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 12-13 fevralga o‘tar kechasi, soat taxminan 01:45 larda Chilonzor tumani hududini qo‘riqlash paytida Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi 4-bataloni brigadasi 1-otryadi ofitseri, kichik serjant A.Mahmudov va Milliy gvardiya askari B.Mamajonov 90-maktab atrofida mashina salonida erkak o‘zini o‘t qo‘yishga urinayotganini ko‘rib qolgan.

Xodimlar darhol yong‘inni o‘chirish choralarini ko‘rib, tez yordam chaqirgan. Shifokorlar yetib kelgunga qadar jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatilgan.

O‘zini Sergey.I deb tanishtirgan erkak bunday ishga qo‘l urganida mast holatda bo‘lganini, xotini bilan janjaldan keyin o‘ziga o‘t qo‘yganini tan oldi.

Hozirda Sergey.I bilan psixologlar shug‘ullanmoqda.