Xotini (yoki eri)ga qilingan zulm uchun qamoq jazosi bor ekan. Rostmi?
Oiladagi zo‘ravonlikka guvoh, hech bo‘lmaganda bu haqda eshitib xabardor bo‘lgansiz. Bunda aksariyat hollarda ayollar va bolalar jabr ko‘radi. Tabiiy savol tug‘iladi: oiladagi zo‘ravonliklar huquqiy jihatdan tartibga solinganmi, buning uchun javobgarlik bormi?
Bu haqda viloyat sudi sudyasi Otabek Nabiyev quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Oiladagi jinoiy zo‘ravonlik deganda oilaning bir a’zosi tomonidan boshqa a’zosiga nisbatan jismoniy yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatish yoxud qo‘llash bilan qo‘rqitish orqali uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligini, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa daxlsiz huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish orqali o‘z hukmronligini o‘tkazishga qaratilgan xatti-harakat yoki harakatsizlikni tushunish lozim.
Ular orasida oilaning bir a’zosi boshqasiga nisbatan zo‘rlik ishlatib, sodir etadigan jinoyatlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shu bois, joriy yil 11 aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjat asosida 5 ta kodeks va 11 ta qonunga, jumladan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilib, javobgarlik kuchaytirildi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 59-2-modda bilan to‘ldirilib, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutildi. Xususan, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 10 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash, ushbu shaxslarga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksi esa 126-1-modda bilan to‘ldirilib, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Bunda yuqorida qayd qilingan harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham sodir etilgan bo‘lsa, basharti boshqa jinoyat alomatlari bo‘lmasa BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima yoki 160 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning keyingi qismlari og‘irlashtiruvchi holatlar uchun javobgarlikdan iborat. Misol uchun, xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotishga yoxud biron a’zoning ishdan chiqishiga yoki uning funksiyalari tamoman yo‘qolishiga, ruhiy holatning buzilishiga yoki sog‘liqning boshqacha tarzda yomonlashuviga, umumiy mehnat qobiliyatining 33 foizidan kam bo‘lmagan qismining yo‘qolishiga yoki homilaning tushishiga yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.