Xotira maydonlari xotiradan ko‘tarilganmi?
Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi yurtimizda keng nishonlanadi. Hademay 9 may keladi. Joylarda xotira va qadrlash tadbirlari o‘tkaziladi. Bu tadbirlar asosan Xotira maydonlarida tashkil etiladi.
Xo‘sh, ayni paytda tuman va shaharlardagi bunday xiyobonlar qanday holatda?
Ishtixon tumanidagi Xotira maydoni bunyod etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, devorlarga yopishtirilgan plitalar tushib, yo‘laklarga yotqizilganlari ko‘tarilib yotganligi bu joyni bunyod etgan quruvchilar sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanganligidan, mutasaddilar esa ta’mirlash va obodonlashtirish ishlariga befarqligidan darak berib turibdi.
Oqdaryodagi Xotira maydonida tungi yoritkich chiroqlari sinib, elektr simlari ochilib, xotira kitobining yonidagi bezaklar tushib yotganligidan, qolaversa, atrofdagi chiqindilardan maydon e’tiborsiz qolganini ilg‘ash qiyin emas.
Bulung‘ur tumani mutasaddilari har holda Xotira maydoniga e’tiborsiz emasligini bu yerda obodonlashtirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan bilish mumkin. Birgina muammo maydon atrofini son-sanoqsiz, qonuniy va noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari o‘rab olganligida.
Toyloq tumaniga borib, Xotira maydoni qayerda joylashganligini so‘rasangiz “Bog‘izog‘onda, "vinzavod"ning qarama-qarshi tomonida” deb javob berishadi.
Aslida, tumanning Bog‘izog‘on mahallasida joylashgan bu majmuani xotira maydoni, deb atash ham noo‘rindek. Sababi urushga ketib qaytib kelmagan shu hududning mard o‘g‘lonlari xotirasi uchun bir paytlar o‘rnatilgan yodgorlik o‘rnida motamsaro ona haykali joylashtirilgan. Bu yerdagi marmar toshga “Ulug‘ Vatan urushida...”, deb o‘yib bitilgan yozuvga qaraganda majmuaning tarixi uzoqqa borib taqaladi.
Samarqand tumanidagi Xotira maydoni uzoqdan qaraganda binoyidek. Tumanning qoq markazida, hokimlik binosi qarshisida joylashgan maydonga kirib borsangiz, bu yerda anchadan beri obodonlashtirish ishlari olib borilmaganiga guvoh bo‘lasiz. Gul ekiladigan joylar chiqindi bilan to‘la. Qorong‘i tushdi hamki maydonda tungi chiroqlar yonmadi.
Sizning Xotira maydoningiz-chi? U yerdagi holat, saranjom-sarishtalik xotirangizdan ko‘tarilmaganmi, hurmatli mas’ullar?..
To‘lqin SIDDIQOV,
Husan ELTOYeV (foto).