Allomalar haykali yangi bino ichida qoladimi?
Ko‘p yillar oldin Samarqand tumani markazi Gulobod qo‘rg‘oniga ko‘chirilgach, bu yerda bosh rejaga asosan yangi binolar qurish bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi, Afg‘on zaminida halok bo‘lgan baynalmilal jangchilar xotirasiga yodgorliklar o‘rnatildi.
Shuningdek, o‘zbek va tojik xalqlarining azaliy do‘stligi ramzi sifatida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari o‘rnatildi. Bu ishlarda ozmi-ko‘pmi hissam qo‘shilganidan haligacha faxrlanib yuraman.
Ammo keyingi paytda Gulobod qo‘rg‘onini yanada obod qilish borasidagi sa’y-harakatlar, yangi bino va inshootlarning qurilishi tufayli buyuk allomalarimizning haykallari boshqa joyga ko‘chirilgandi.
Yaqinda tuman markaziga tushgandim. Navoiy va Jomiy haykallari o‘rnatilgan hududda yangi bino qurilayotgan ekan. Yodgorlik esa qurilish ishlari olib borilayotgan ob’yektda turibdi.
Nahotki, ulug‘ allomalarimiz uchun Samarqand tumani markazida munosib joy topilmayotgan bo‘lsa. Axir, avvalo, haykalni boshqa joyga ko‘chirib, keyin qurilish ishlarini boshlash mumkinku? Bu ajdodlarimiz xotirasi va o‘tmishimizga nisbatan hurmatsizlik emasmi? Yoshlarga shu harakatimiz bilan ibrat bo‘lamizmi?
Shuhrat Davronov,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan arxitektor.