Xotira: Otam yurgan sharafli yo‘l

 

Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaga 80 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Ishtixon tumanining Zartepa mahallasi Tallak qishlog‘ida urush va mehnat faxriysi Usmon Eshbekov uy-muzeyida xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman hokimi Fazliddin Ro‘ziyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, Markaziy harbiy okrug bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Dehqonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shahriddin Umirov Usmon ota Eshbekovning hayoti, urushda ko‘rsatgan jasoratlari hamda ushbu uy-muzey faoliyatining tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.

O‘zbek, rus, ingliz tillarida chop etilgan “1941-1945: O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi” kitob-albomiga otam Usmon Eshbekovning “Biz Rahimovchilar edik” sarlavhali maqolasi surati bilan kiritilgani uning ruhini shod etib, biz, avlodlari uchun bebaho tuhfa bo‘ldi.

“Prezidentga maktublar” turkum kitoblarining 2022 yilda chop etilgan nashrida otam Usmon Eshbekov tavalludiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan uy-muzeyimizning tashkil etilishi haqidagi maktub o‘rin olgani butun oilamizni to‘lqinlantirib yubordi. Bu xayrli ishning amalga oshishiga Ishtixon tumani hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Samarqand gornizoni, viloyat Nuroniylar kyengashi mas’ul xodimlari, Zartepa mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi yaqindan yordam berdi.

Biz uchun katta ibrat maktabini yaratib ketgan padari buzrukvorimiz Usmon Eshbekov 1922 yil 5 iyulda Ishtixon tumanidagi Tallak qishlog‘ida tug‘ilgan. 1937 yildan 1941 yil iyunigacha Oqdaryo tumanidagi Oytomol qishlog‘ida maktab o‘qituvchisi bo‘lgan.

1941 yil 22 iyunda urush boshlanganidan ko‘p vaqt o‘tmay Eshbek buvamizning to‘rt o‘g‘li – Sunnatilla, Omon, Ismon va endigina 19 yoshni qarshilayotgan Usmon Eshbekov jangga otlangan. Ular o‘sha kezda Samarqandda tashkil etilgan “O‘zbek diviziyasi” safida frontda xizmat qilgan. Kyeyin janggohga jo‘natilgan. Ko‘p o‘tmasdan Sunnatilla va Omondan qoraxat kelgan...

Frontning old qismida “O‘zbek diviziyasi” qaqshatqich janglarda juda ko‘p talafotlar ko‘rgan. So‘ng, ancha kamayib qolgan askarlar boshqa qismlarga qo‘shib yuborilgan. Usmon Eshbekov xizmat qilayotgan rota Sobir Rahimov qo‘mondonlik qilayotgan 37-gvardiyachi o‘qchi diviziyasi tarkibida jangni davom ettirgan.

1944 yil boshlarida Usmon Eshbekov jangda yarador bo‘ladi. O‘sha kezlarda Oliy bosh qo‘mondonning bir buyrug‘iga binoan “urush nogironi bo‘lgan o‘qituvchilar zaxiraga bo‘shatilib, ular zimmasiga tezda maktablarni qaytadan ochish” vazifasi yuklatiladi.

Usmon Eshbekov urushdan nogiron bo‘lib kelgan payti Tallak qishlog‘i Oqdaryodan Ishtixon tumani tarkibiga o‘tkazilgan bo‘lib, qishloqda yangi maktab bunyod etish zarur edi. O‘sha davr faollari birgalashib, hozirgi 7-o‘rta maktabni bunyod etishgan. Usmon Eshbekov 1960 yilgacha kechki maktabda dars berib, kunduzi xo‘jalik ishlariga jalb etilgan. Og‘ir zamonlarda turli sohalarda, jumladan, Mitan paxta tozalash zavodida ishlagan, jamoa xo‘jaligida brigadir, xo‘jalik pillachilik brigadasi boshlig‘i va boshqa mas’ul ishlarda faoliyat ko‘rsatgan.

Bir paytlar poytaxt shahar maydonlarida G‘alaba bayrami qandoq yuksak darajada o‘tkazilgan bo‘lsa, bugun qishlog‘imizdagi mo‘’jazgina uy-muzey hovlisida va 7-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalida ham shunday yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Ayniqsa, harbiy orkestrlarning chiqishlari, epchil, chaqqon va jasur askarlarning sport o‘yinlari, qo‘l jangi, zamonaviy harbiy ko‘rgazmalar yosh avlod qalbida ona Vatanimizga mahabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirayotgangan bo‘lsa, taniqli shoirlarning diltortar she’rlari kelajakka umid, yangi O‘zbekistonimiz istiqboliga ishtiyoq uyg‘otmoqda.

Uy-muzeyining asosiy qismini Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i”dan olingan noyob suratlar, Ikkinchi jahon urushi xotiralariga oid eksponatlar, urush yillarida front ortida qishloqlarimizda bo‘lgan uy-ro‘zg‘or anjomlari, shuningdek, noyob kitoblar jamlangan javonlar tashkil etadi. Prezident sovg‘asi bo‘lgan televizorda “G‘alaba bog‘i”dan tayyorlangan videofilm hamda otamiz Usmon Eshbekov bosib o‘tgan sharafli yo‘l, ona Vatan oldidagi burchlarini qanday matonat bilan bajarganlariga oid lavhalar namoyish etib turiladi.

Ajdodlar hayoti, ular qoldirgan yorqin xotiralar avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Men ota-onam xotirasini yodga olib, xonadonimizga tashrif buyurgan mehmonlarning ular haqidagi qimmatli fikrlarini tinglar ekanman, shunday insonlarning farzandi bo‘lganimdan g‘ururlandim. Ular hayotlik vaqtlarida o‘zlari ko‘rsatgan matonatni albatta, bir insonning tabiiy umri deb bilishgandir ehtimol. Ammo, biz mehnatkash, kamtarin va kamsuqum ota-onamiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Oromjon Eshbekov,

uy-muzeyi direktori.