XTV avtomashina aksiyasi bo‘yicha o‘qituvchilar duch kelgan muammoni hal etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors kompaniyasi e’lon qilgan aksiya bo‘yicha o‘qituvchilar “ish joyidan olib borgan ma’lumotnoma salonlarga o‘tmayotgani, ular ma’lumotnomani xalq ta’limi bo‘limlaridan olib kelish lozimligini aytayotgani” kabi muammolarga duch kelayotgani haqida ma’lumotlar tarqatildi.

Xalq ta’limi vazirligi UzAuto Motors kompaniyasi bilan mazkur masala bo‘yicha muzokara olib bordi, deya ma’lum qildi XTV matbuot xizmati.

Muzokara natijasiga ko‘ra, ushbu masalaga oydinlik kiritildi. Ya’ni, umumta’lim maktabi o‘qituvchisi ish joyidan olib borgan ma’lumotnomani dilerlar qabul qiladigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors kompaniyasi barcha o‘qituvchilarni kasb bayrami bilan muborakbod etgan holda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan maxsus aksiya e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.