XTV Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklov yo‘qligini ma’lum qildi
Avvalroq Xalq ta’limi vazirligi telegram kanalida maktablarda yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq cheklovlar kiritilgani ma’lum qilingan edi.
Vazirlikning “Bolalar xavfsizligi hamda turli pul yig‘imlarining oldini olish maqsadida maktablarda Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq ayrim cheklovlar joriy qilinmoqda” sarlavhali xabariga asoslanib, bir qator OAVda ham bu haqda e’lon qilindi.
Jumladan, XTV xabarida “Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoni hamda Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ta’lim muassasalari hududida Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish mumkin emas” deb aytilgan edi.
Ammo bir necha soatdan so‘ng Xalq ta’limi vazirligi o‘zi e’lon qilgan cheklovlarni rad etib chiqdi.
“Umumta’lim maktablarida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar yo‘q” sarlavhali navbatdagi bayonotda vazirlik oldingi xabarni quyidagicha izohlaydi:
"Maktablarda Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq xabarnomaga qo‘shimcha izoh:
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablariga Yangi yil bayramini rejalashtirish va o‘tkazish bilan bog‘liq cheklov yuzasidan tegishli xati noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qilamiz.
Umumta’lim maktablari hududida Yangi yil bayramini nishonlash bilan bog‘liq hech qanday cheklovlar mavjud emasligini bildiramiz.
Shu bilan birga maktablarda pul yig‘imlari hamda ota-onalarning e’tirozlarini oldini olish maqsadida restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish shrxobchalarida maktab o‘quvchilariga Yangi yil bayramini o‘tkazish tavsiya etilmaydi.
Respublika maxsus komissiyasining turli xil korporativ bayram va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq taqiqlar vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlariga tatbiq etilganligini ma’lum qilamiz", deyiladi XTV xabarida.