XTV: Payariq tumani maktablarida 3,2 milliard so‘m mablag‘ ishlamaydigan xodimlar va ortiqcha ish haqi hisoblash orqali o‘zlashtirilgan
O‘tgan 11 oy davomida jami 69,8 milliard so‘m ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan. 396 ta holat bo‘yicha 149 milliard so‘mlik hujjatlar to‘plami qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
2 dekabr kuni Xalq ta’limi vazirligida ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi faoliyati natijalari to‘g‘risida navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
“2019 yildan boshlab barcha hududiy ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati auditorlari vazirlikning markaziy apparati tarkibiga o‘tkazilib, ularning mustaqilligi ta’minlandi va ushbu xizmatni kuchaytirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur Hay’at yig‘ilishida vazirlikning ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan amalga oshirilgan o‘rganish ishlari natijasida tizimdagi ta’lim muassasalarida ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari muhokama qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, tizimda o‘tgan 11 oy davomida jami 69,8 milliard so‘m ish haqidan o‘g‘irlik, o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha:
- 84,3 milliard so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha boshqa noqonuniy xarajatlar;
- 38,7 milliard so‘m “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgan xaridlar;
- 24,1 milliard so‘m xatlov natijasida aniqlangan kamchiliklar;
- 3,9 milliard so‘m boshqa xato va kamchiliklar aniqlangan.
Shu davr mobaynida jami 220,8 milliard so‘m (shundan Hisob palatasi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 110,9 milliard so‘m yoki 50,1 foiz) miqdoridagi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.
Misol uchun, Samarqand viloyatining Payariq tumanida 3,2 milliard so‘m mablag‘ ishlamaydigan xodimlarga hamda ortiqcha ish haqi hisoblash orqali o‘zlashtirilgan.