«Xudo qaytib bergan» odam

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bugun samarqandlik ijodkor, shoir va dramaturg Mashrab Boboyevni eslaymiz.
Taniqli shoir va dramaturg Mashrab Boboyev 1941 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan. 1956 yilda o‘rta maktabni bitirgach, avval jamoa xo‘jaligida, keyin qishloq kutubxonasida ishlagan. 1960-1965 yillarda Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetida tahsil olgan.
Respublika xalq ijodiyoti uyida uslubchi, Samarqand viloyat xalq ijodiyoti uyining direktori, “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) va G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlagan. Respublika radiosi “Sharq yulduzi” jurnali, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatdi. Teatrlarda adabiy emakdoshlik qildi. Madaniyat ishlari vazirligida repertuar bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tarjima tahririyatining bosh muharriri bo‘lib ishladi.
Mashrab Boboyev adib sifatida o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab matbuotda ko‘rina boshlagan. Uning «Onamga xat», «Bahor kayfiyati», «Paxtam mening — baxtim mening», «Gurung», «Kechki trolleybus», «Bag‘ishlov», «Olisdagi chiroq», «So‘z», «Men bilgan sir», «Qani mening yulduzim?», «Nomsiz yulduzlar» kabi o‘nlab kitoblari nashr etilgan. Shuningdek, u «O‘ttiz yoshlilar», «Yer tomiri», «Toshkentdan kelgan mehmon» («Gurung»), «Tunis prezidenti» («Mushkul savdo»), «Bizning hovli» («Onaizor»), «O‘z uyingdasan», «Qani mening yulduzim?», «Suyanch tog‘lari» kabi bir qator sahna asarlari yozib, tomoshabinlar e’tiborini tortgan.
Mashrab Boboyevning «Iroda», «Sevgi nidosi» hamda «Ko‘ngil ko‘chalari» deb atalgan ko‘p qismli videofilmlari namoyish etilgan.
U mohir tarjimon ham edi. A.Pushkin, R.Hamzatov va boshqa shoirlarning she’rlarini, V. Katayevning «Xayol chechaklari» romani, Muin Bsisuning «Tashrif qog‘ozi», Otar Chiladzening «Rangin dunyo» she’riy kitobi va yigirmadan ortiq dramatik asarlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Mashrab Boboyev 1995 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. 2003 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.
***
«Xudo qaytib bergan» odam
Umrim uzoq bo‘lar mening ham,
Ko‘zim ochiq ketmas olamdan.
Ne-ne umid uzilgani dam
«Xudo qaytib bergan» odamman.
Yo‘llarimda ne-ne muammo,
Ne-ne suron, ne xavfu xatar.
Taqdirimda gulshanlar aro
Ne kurashlar qalashib yotar!
Hali olis o‘shal qutlug‘ kun,
Parvozingni baland ol, yurak!
Kurashlarda yengmog‘im uchun
Uzoq umr ko‘rmog‘im kerak!
***
Hayot
Hayot turli joyda turlicha kechar,
Turli shakllarda bo‘lar namoyon.
Hayot — qishni yorib chiqqan boychechak,
Hayot — ushalmagan, ushalgan armon.
U qaydadir mehr-muhabbat, ixlos,
Qaydadir yozilmay qolgan bir varaq.
U qaydadir ruhan va jisman parvoz,
Qaydadir ruhan va jisman jasorat.
Hayot — chol yuzida ajin va qayg‘u,
Zulumot bag‘rini tilka qilgan nur.
Bola chehrasida musaffo kulgu,
Vatan taqdiriga joylangan umr.
* * *
Gulzorlarda sayraydi bulbul tun bo‘yi,
Tun bo‘yi oqadi bir dardli xonish.
Mudroq tuyg‘ularni uyg‘otar kuyi,
Ohangi tanishu tili notanish.
Boshlarni irg‘aymiz, bir tasvir izlab:
— Munchalar yoqimli bu navo? — deymiz.
Keyin kattalarning gapini eslab:
— Guldan-gulga qo‘ngan bevafo! — deymiz.
Guldan-gulga qo‘nib, bardosh tilaydi,
Tunning yiroqligin so‘ylaydi bulbul.
Ona bo‘lib gullar boshin silaydi,
Buyuk tong qo‘shig‘in kuylaydi bulbul.
Tun borki, bechora sayraydi tinmay,
Tong deya, nolada o‘tkazar tunni.
Biz esa tilini tarjima qilmay –
Nelar deb, gunohkor qilmaymiz uni.