Xudoyorxon va Shomil taqdiri yoxud tarixdan to‘g‘ri xulosa chiqaraylik
Rossiya imperiyasi Sibir, Volga bo‘yi xalqlarini bosib olgach o‘z to‘ymas nigohini XIX asrda Kavkaz va Turkistonga qaratadi. Qonli janglar mobaynida ne-ne bahodirlar o‘z vatani va erkini himoya qilish uchun qo‘llariga qurol olib urush so‘qmoqlaridan ot suradilar. Kavkaz xalqlari orasidan erk jangiga otlanganlardan biri, avar xalqining jasur farzandi imom Shomil edi. U 1840 yili Shomil Checheniston va Dog‘iston imomi etib saylanadi va shundan so‘ng 25 yil davomida Oq podshoga qarshi jang qiladi. Tarixiy manbalarda Shomil o‘zining 30 ming qo‘shini bilan Rus imperatorining 200 ming qo‘shiniga qarshi kurashgani yozilgan.
O‘sha yillarda Shomil qo‘shini Rossiya qo‘shini ustidan bir necha marta yirik g‘alaba qiladi. Imperator Shomilga qarshi o‘zining eng mohir generallarini jangga tashlaydi. U og‘ir va tengsiz janglardan so‘ng 1859 yili o‘zi uchun qulay bo‘lgan shartlar asosida yovga taslim bo‘ladi. Shomil asir bo‘lsa-da, uni katta izzat-ikrom bilan qarshi oladilar. Rossiya imperatori Aleksandr II u bilan uch marta uchrashib, Shomilga katta marhamat ko‘rsatadi. Shomil, dastlab, Kalugada yashaydi, so‘ngra bu yerning obi-havosi yoqmagach, uni Kiyevga ko‘chiradilar. Aleksandr II Shomilni aslzoda dvoryan darajasiga ko‘taradi va 1869 yil 16 fevralida unga haj safariga borishga ruxsat beradi, uni kerakli mablag‘ bilan ta’minlaydi. Shomil o‘z sheriklari bilan noyabr oyida Makkaga yetib keladi va 1870 yili haj ziyoratini ado etadi. Shomil 1871 yilning 16 fevralida Madina shahrida vafot etadi va bu yerdagi ulug‘ al-Boqiya qabristoniga dafn etiladi.
Taqdiri Shomilning taqdiriga o‘xshab ketadigan ikkinchi shaxs Markaziy Osiyodagi yirik davlatlardan uchinchisi Qo‘qon xonligi hukmdori Xudoyorxondir. Oq podsho qo‘shini Turkiston ustiga yurish boshlaganida birinchi bo‘lib Qo‘qon xonligiga qarashli Vernoye qal’asi (hozirgi Olma ota), so‘ngra Avliyoota, Qizil O‘rda, Turkiston, Chimkent va Toshkentni bosib olgan edi.
Amirlikning katta hududlarining qo‘ldan ketishi va Rossiya imperiyasi qo‘mondoni general fon Kaufman bilan sharmandali bitim tuzilishi Xudoyorxonning obro‘sini tushirib yuboradi. Bundan foydalangan alamzada ayrim amaldorlar (Abdurahmon oftobachi) va boshqalar unga qarshi fitna tayyorlaydi. Fitnachilar Xudoyorxonning Samarqandda yashayotgan ukasi Po‘latbekka odam yuborib, uni xon bo‘lishga ko‘ndirmoqchi bo‘ladilar. Ammo Po‘latbek bu fitnaga qo‘shilmaydi. Bundan ustalik bilan foydalangan Mulla Isoq ismli kimsa o‘zini "Po‘latxonman" deya e’lon qildi. Bu soxta xonni oq kigizga o‘tqazib xon qilib ko‘tardilar. Uning atrofida olomon to‘plana boshlaydi.
Eng yomoni, Xudoyorxonning katta o‘g‘li, Andijon hokimi Nasriddinxon va ukasi, Marg‘ilon hokimi Murodxon ham akasiga qarshi chiqib fitnachilar tomoniga o‘tishadi. Bunday voqealardan so‘ng chorasiz qolgan Xudoyorxon Kaufmandan yordam so‘rab, bor xazinasini 80 aravaga yuklab, oilasi bilan Toshkentga, fon Kaufman huzuriga yo‘l oladi. Kaufman bilan uchrashganidan so‘ng Xudoyorxonning generaldan hafsalasi pir bo‘ladi va jahli chiqib: "Sen imperatorning lashkarboshisisan, men esa Qo‘qon xoniman, men sen bilan emas, imperatoring bilan gaplashaman”, deydi. Kaufman unga hech narsa demay, xonadan chiqib ketadi va o‘z odamlariga: "Xudoyorxonning barcha narsasini tortib olib, o‘zini oilasi bilan Orenburgga surgun qilinglar", deya buyruq beradi. Xudoyorxon rus imperatori Aleksandr II general fon Kaufmanga Turkistondagi barcha muammolarni mustaqil hal qilish vakolatini berganini qayerdan ham bilsin?
Xudoyorxon Orenburgda qattiq azob chekadi, ozgina mablag‘idan ham ajralgach, xotinlarini Qo‘qonga qaytarib yuboradi. 1875 yili Xudoyorxon bir amallab Orenburgdan qochishga erishadi va turkmanlar yordamida Hirotga yetib oladi. Ammo afg‘onlar rus podshosining g‘azabidan qo‘rqib uni Badaxshonga jo‘natadi. Badaxshonga ham sig‘magan xon Peshovarga, so‘ngra Bombeyga yetib keladi. Bombeyda xonni bir necha qo‘qonlik boylar tanib qolib, yordam beradilar va paroxodda Jiddaga jo‘natadilar. Xudoyorxon ne mashaqqatlar bilan Makkaga yetib kelib haj ziyoratini ado etadi. Birmuncha vaqt Arabistonda yashab, so‘ngra Vatanimga yaqinroq bo‘lsin, degan maqsadda Afg‘onistonga qaytib keladi.
U Hirot yaqinida Gruh qishlog‘idagi Shayx Xalifa eshonnikida yashay boshlaydi.
1886 yili Qo‘qonning so‘nggi xoni Xudoyorxon Hirot yaqinidagi Karnux qishlog‘ida vafot etadi va uni bu yerdagi musofirlar qabristoniga dafn etadilar.
Mana, Rossiya imperiyasining qo‘shiniga qarshi kurashgan ikki mashhur shaxsning taqdiridan ozgina bo‘lsa-da, boxabar bo‘ldingiz. Bu ikki shaxsga rus amaldorlari tomonidan ikki xil munosabat bo‘lganini o‘qib, siz ham ajablangan bo‘lsangiz kerak. Xo‘sh, nega rus amaldorlari va imperator Aleksandr II Shomilga alohida, Xudoyorxonga alohida muomala qiladilar. Vaholanki, Shomil 25 yil davomida Kavkaz xalqlarini birlashtirib, ruslarga qarshi kurashgan va ularning bir necha yuzlab askarlarining qonini to‘kkan shaxs edi. Xudoyorxon qo‘shinining ruslarni sezilarli talafotga uchratgani haqida tayinli ma’lumotlar ham yo‘q. Demoqchimizki, Kaufmanni xafa qiladigan unchalik qattiq harakat ham qilinmagan. Qolaversa, Xudoyorxon mustaqil, hududlari bepoyon bir davlatning hukmdori edi. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi? Bu savolga tayinli javob topish uchun javobni aynan o‘sha davrlardagi Kavkaz va Qo‘qon xonliklaridagi ichki vaziyatlardan, bosqinchilarga qarshi kurashayotganlarning bir-birlariga bo‘lgan munosabatlaridan qidirmoq lozim.
Xo‘sh, Kavkazda ahvol qanday edi? Bu tog‘li o‘lkada katta-kichik, bir necha tillarda so‘zlashuvchi, alohida yashovchi xalqlar yashasalar-da, Shomil yovga qarshi ularni birlashtira oldi, ulardan bir jonu bir tanli qo‘shin yaratadi. Imom Shomil rus podshosiga asir tushganidan so‘ng ham besh yil davomida yovga qarshi qo‘zg‘olon tinchimadi. Oq podshoning o‘zi va uning generallari, agarda Shomilga biror-bir zahmat yetkazilsa, urush olovi qaytadan gurullab yonishini yaxshi bilardi. Shu sababli, ular garchi Shomil asir bo‘lsa-da, unga nisbatan oliy izzat-ikrom ko‘rsatdilar. Eng muhimi, kavkazliklar bir-birini sotib, yovning oldiga marhamat izlab, qullik qilib bormadilar.
Qo‘qondagi voqealarni esa hozirgina o‘qidingiz. Qo‘qonlik amaldorlarga yov yurt ustiga bostirib kelganida ham, davlatlarining yarmini bosib olganida ham aql kirmadi. Ular Xudoyorxon atrofida birlashmadilar, aksincha, ularning bari o‘zim xon bo‘laman, degan orzuda yov oldiga qullik qilib bordilar. Ustomon Kaufman Xudoyorxonning ortida biror-bir qudratli kuch yo‘qligini ham, xonga biror-bir ziyon-zahmat yetkazsa, uning tarafini hech kim olmasligini ham yaxshi bilardi.
Bundan kelib chiqadigan xulosa shulki, dushman ham, do‘st ham bizga o‘z mavqeimiz, qadr-qimmatimiz, obro‘-e’tiborimiz, kuch-qudratimiz, fe’l-atvorimizga qarab muomala qiladi.
Kaufman nafaqat Xudoyorxonga, balki uning o‘g‘li Nasriddin va ukasi Murodxonlarga ham shunday past nazar bilan qaragan edi. Chunki ular toju taxt havasida o‘zlarini yerga urishib Kaufmandan madad va marhamat kutib borgan edilar. Bundaylarni aqli raso odamlar hech qachon hurmat qilmaydilar. Bunga Xudoyorxonning taqdiri achchiq misoldir. O‘tmishimizda bo‘lib o‘tgan bu sharmandali voqealarga ko‘zimizni kattaroq ochib qaraylik.
Amriddin Berdimurodov.