Xurshid Davron: "Ayrimlar uchun Temur haqida yozish kun kechirish manbaiga aylandi"
Uzoq yillar Sohibqiron mavzusi asl ilm va chinakam adabiyot emas, soxta va yolg‘on demagogiya quroliga aylandi. Ayrimlar uchun Temur haqida yozish kun kechirish manbaiga aylandi.
Gapimga ishoning, shu paytgacha Sohibqiron haqida nashr etilayotgan kitoblarning uchdan ikki qismi na ilmga, na adabiyotga aloqasi bor.
Ilgari Amir Temur va boshqa tarixiy shaxslar haqidagi asarlar jiddiy ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lsa, bugunga kelib pala-partish, xom-xatala va tarixiy materialdan mutlaqo bexabar, tarixiy hujjatu qo‘lyozmalarni chuqur o‘zlashtirmagan mualliflarning asarlarini muhokamasiz, ilmiy ekspertizasiz chop etish odat tusiga kira boshladi.
Ustoz olimlarimizdan biri “ota-bobolarimizdan qolgan ulkan ma’naviy boylik, qo‘lyozma asarlar Qizilqum sahrosiga sochilib ketgan oltinni eslatadi, bu asarlar dunyo kutubxona, muzeylariga sochilib ketgan”, deb yozganini eslayman.
Hindistonning dunyoga mashhur Patna shahridagi kutubxonadagi bir nodir qo‘lyozmada Sharq hukmdorlari, shu jumladan, Amir Temur saltanatining vazirlari haqida ma’lumotlar yozilgani haqida o‘qiganimga ham 40 yildan oshdi.
Ammo, hanuzgacha biz bu xususda aniq ma’lumotga ega emasmiz. Bir paytlar bir yozuvchining o‘zi to‘qib chiqargan vazirlarning nomlari asardan asarga ko‘chib yuradi.
Sohibqiron bobomiz nomi bilan bog‘liq yolg‘onlardan biri uning turk sultoni Boyazid Yildirimga bo‘lgan munosabatini yoritgan bir qator asarlar mavjud. Amir Temur bilan Sulton Boyazid o‘rtasidagi munosabatlar haligacha oydinlashmagani uchun yolg‘onu chalkashliklar qisman bo‘lsa-da bartaraf etilmagan. Uzoq yillar mobaynida biz bu oydinlik yo‘lini to‘sishda sovet tuzumini bahona qilib keldik. Afsuski, Turkiyada ham ilm odamlarining aksariyati o‘rtada kechgan voqealarni faqat Amir Temurga bo‘lgan salbiy nuqtai nazarlaridan kelib chiqib baholadilar. Ammo keyingi yillarda turk ilm dunyosida tarixiy hujjatlar asosida masalani yoritishga qaratilgan xolis ilmiy asarlar paydo bo‘la boshladi. O‘zbekistonda esa oldin ham, hozir ham bu murakkab masalaga chala-chulpa e’tibor berildi.
Faqat bu masalaga emas, milliy tariximizning juda ko‘p chigal muammolarini yoritishda hanuzgacha ayrim G‘arb va rus-sovet tarixchilarining yolg‘onu bo‘htonlarga qurilgan “asar”lari asosida ish ko‘rishdan butunlay qutula olmadik.
O‘tgan asr buzg‘unchi tarixchilarining “Amir Temur huzuriga Sulton Boyazidni bo‘yniga arqon solib olib kelishgan”, “Amir Temur Sulton Boyazidni qafasga solib qo‘ygan” degan mutlaqo yolg‘onu tuhmatga qurilgan gaplarini bugun ham Toshkentda nashr etilgan kitoblarda o‘qishimiz mumkin.
Mana, bir misol: tarix fanlari doktori Hamdam Sodiqovning 2007 yili Toshkentdagi “Art filex” nashriyotida chop etilgan “Amir Temur hayotidagi g‘aroyibotlar” kitobining 223-224 betlarida shundoq manzara ifoda etilgan: “Chodirda Temurbek shatranj o‘yini bilan ovora edi... Shu vaqt chodirga Sulton Mahmudxon kirib keldi. Butun davlat hukmdori – Movarounnahr hukmdori bo‘lgan sarkarda Temurning oldiga bo‘yniga arqon tushgan sulton Boyazidni olib kirdi...”
Shu qisqagina lavhada bir nazarda tutgan yolg‘ondan tashqari 320 sahifadan iborat bu “asar”da yana son mingta xatoliklar mavjudligini ko‘rsatib turibdi.
Birgina “Sulton Boyazid qafasda” mavzusida o‘tgan salkam yetti asr mobaynida ovrupaliklaru ruslar tomonidan chizilgan rasmlarning sanog‘iga yetish qiyin.
Qafas mavzusi aks etgan badiiy va ilmiy asarlar ham sanoqsiz. Ularning safi kamayishiga esa ishongim kelmaydi. Mayli, bu ishlar G‘arbda bo‘lyapti. Bizda, ona tarixidan bexabar bizda-chi?
Ertaga Sulton Boyazid bo‘yniga arqon tashlagan tarix fanlari doktoridan “ibrat” olgan yana birortasi sultonni qafasga solib qo‘ymasligiga kim kafolat beradi?
Bundan yigirma bir yil avval nashr etilgan “Sohibqiron nabirasi” nomli qissamda qafas haqidagi ig‘vogarona yolg‘on asossiz ekanini tarixiy dalillar asosida oydinlashtirgan edim.
“Bo‘yinga solingan arqon” haqidagi yolg‘onni ham so‘nggi yillarda yozilgan maqolalarimda tarixiy haqiqatga zid ekanini yozganman. Ammo bugun ham shu yolg‘onga ishonishmoqda, tarixiy haqiqatdan uzoq kitoblarni o‘qishmoqda.
O‘sha tarixchilar Sulton Boyazidning bo‘yniga arqon solishdan oldin o‘sha davr, ya’ni bo‘lib o‘tgan voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan usmonli muarrixlarning qoldirgan tarixiy asarlarni ko‘zdan o‘tkazishi shart emasmidi?
Bu muarrixlarning asosiy qismi bu uchrashuv haqida yozar ekanlar, Amir Temur turk sultonini izzatona kutib olgani, u bilan uzoq hamsuhbat bo‘lgani va hatto muloqot paytida kelgusida o‘zaro quda-anda bo‘lish haqida gaplar ham aytilganini qayd etganlar.
Amir Temur bilan Sulton Boyazid o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlashtiradigan manbalardan biri ularning o‘zaro yozgan maktublaridir. Yigirma ikki yil avval Turkiyaga borganimda, bu maktublarni ko‘rish nasib bo‘lgan edi. O‘sha safar kunlari Istanbulda Aya-Sofiya nomi bilan mashhur, bir paytlar nasroniylar ibodatxonasi, Istanbul fathidan keyin masjidga va yangi davrda muzeyga aylangan bir yarim ming yildan ziyod tarixga ega muazzam dargohga borgan edik.
Bizni katta hurmat bilan kutib olgan qadimiy qo‘lyozmalar jamg‘armasi rahbari suhbat orasida “Siz ikkingiz uchun jamg‘armamiz ochiq, qaysi nodir qo‘lyozmani istasangiz, hoziroq ko‘rsatamiz,” deya iltifot qildi.
Erkin Vohidov Alisher Navoiy asarlari qo‘lyozmasini, men Amir Temur bilan Sulton Boyazid Yildirimning o‘zaro yozishmalari – maktublarini ko‘rsatishni iltimos qildik. Xullas, Erkin aka bahona, men ham ko‘rishni orzu qilgan maktublarni ko‘zdan kechirishga muyassar bo‘ldim.
AMIR TEMUR VA YeVROPA
So‘nggi yillarda turkcha saytlarda e’lon qilingan Amir Temur bilan Sulton Boyazidning o‘zaro yozishmalari bilan tanishib, ularni o‘rgana boshladim.
Ayni shu sababdan, yuqoridagi gapimni yana takrorlayman: ikki turk hukmdori o‘rtasidagi munosabatlarni aniq-ravshan bilish uchun maktublarni o‘rganish, tahlil etish juda muhimdir.
Tadqiqotchi olima Dilrabo Abdullayevaning aynan shu mavzuga bag‘ishlangan maqolasidagi mana bu jumlalarga e’tibor qarataman: Yildirim Boyazidga yuborilgan nomada esa uning asli nasabi kemachi turkman bo‘lgani aytilib, shu kungacha urush ochmay turilgani bayon etiladi.
“Sen farang kofirlari bila g‘azotga mashg‘ulsen. Va agar biz ul sori borsak, musulmonlar tashvishda bo‘lurlar va kofirlar shodmon bo‘lg‘aylar. Zinhor bazinhorkim atolaringning tariqalarini saqlag‘il va ayog‘ingni o‘z haddingdin uzotmag‘il, o‘zungga mag‘rur bo‘lmag‘il”.
Keltirilgan bu gaplar yana bir yolg‘onni yalang‘ochlaydi: mustaqillikning dastlabki yillarida G‘arbga yoqish masalasida aytilgan, tarixiy haqiqatdan ko‘ra, siyosiy nuqta nazarga amal qilib, “Amir Temur Yevropa xaloskori” deb jar solganimiz ham asossiz ekanini ko‘rsatadi.
Xuddi shuningdek, usmonlilardan xalos etgani uchun minnatdorlik ramzi sifatida Yevropada Amir Temurga haykal o‘rnatilgan, degan gap ham qup-quruq lof edi.
Anig‘ini aytadigan bo‘lsak, haykal emas, bemalol ish stoli ustiga qo‘ysa bo‘ladigan kichkina haykalcha mavjud bo‘lgan. Yevropa hamjamiyati bilan bu asossiz gaplarni aytmasdan ham yaqinlashish mumkin, deb o‘ylayman. Dunyoning taraqqiy topgan qismi bilan yaqinlashish uchun lof ishlatish shart emas.
Xurshid Davron,
O‘zbekiston xalq shoiri.
O‘zA’dan qisqartirib olindi.