Xususiy ayblov instituti hayotiy talablar natijasidir

Senatning yettinchi yalpi majlisida "O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun qabul qilindi.
Ushbu hujjat Prezident farmoni bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish amaliyotiga xususiy ayblov institutini joriy etish nazarda tutilgan. Qolaversa, jinoyat protsessida jabrlanuvchilar huquqlarini himoya qilishning amaldagi samarali institutini ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda ham qo‘llash zarurati yuzaga keldi. Yana ham oddiyroq qilib tushuntirsak, huquq himoyasi idoralariga kelib tushayotgan e’tiroz va shikoyatlarning aksariyati jabrlanuvchi huquqining e’tiborsiz qolayotganini ko‘rsatyapti.
Endilikda mazkur qonun bilan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun tuhmat, haqorat vilish, hujjatlar bilan tanishib chivishni asossiz rad etish, turarjoy daxlsizligini buzish, yengil tan jarohati yetkazish, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish kabi ko‘plab holatlar faqatgina jabrlanuvchining arizasiga asosan olib boriladi.
Bundan tashqari, qonun moddalari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining jarimaning eng ko‘p miqdorini belgilash vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.
Qisqa qilib aytganda, ushbu qonun huquqiy ta’sir choralari asossiz qo‘llanilishining oldini olish, fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shavkat ShARIPOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.