Xususiy bog‘chaga faqat puldorlarning bolalari boradimi?

Toyloqning Sochak mahallasidagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasiga kelganimizda farzandini bog‘chadan olib ketayotgan ota-onaga duch keldik.

- O‘g‘limizni maktabdagi tayyorlov guruhiga bermoqchi edik, ko‘nmadi, - deydi bolaning otasi. – Qolaversa, biz ham uning o‘qishni bog‘chada davom ettirishi tarafdorimiz. Bu yerda maktabgacha tayyorlov guruhlari uchun xorijiy tillar, mental arifmetika va sport to‘garaklari tashkil etilgan. To‘g‘ri, badal puli biroz qimmat. Lekin farzandimizning kelajagi biz uchun muhim.

So‘rab bilsak, bog‘chada bir nafar bola uchun to‘lov 1 million 200 ming so‘mni, ikki nafar farzandini berganlar uchun esa har biriga 1 million so‘mni tashkil etarkan.

Bog‘chaga kirib, undagi sharoit va ta’lim-tarbiya jarayonini ko‘zdan kechirdik. Tarbiyachi Zarifa Bahronovaning aytishicha, bu yerda bitta guruhga 15 nafar bola qabul qilinar ekan. Agar bir yoshdagi bolalar guruhida bolalar soni 15 nafardan oshsa, unda tarbiyachiga yana bir yordamchi biriktirilarkan. E’tiborli jihati, bog‘chada tarbiyachining yordamchisi farroshlik qilmaydi, buning uchun alohida xodimlar bor. Ya’ni, bir guruhdagi 15 nafar bola bilan ham tarbiyachi, ham uning yordamchisi shug‘ullanadi. Natija ham shunga yarasha, albatta.

- Bu bog‘chaga qo‘shnilarimning farzandlarini olib ketish uchun kelaman, - deydi Bog‘i Chinor mahallasida istiqomat qiluvchi Samijon Ahadov. – Ikki nevaram davlat bog‘chasiga qatnaydi. Shu bois yo‘l-yo‘lakay bolalarni savolga tutib, bilimi, zehnini nevaralarimniki bilan solishtirishga harakat qilaman. Albatta, bu yerda bolalarga e’tibor kuchliroq. Ularning tez fikrlashi, berayotgan savollari ba’zi kattalarni ham shoshtirib qo‘yadi.

Davlat bilan sheriklikda...

Tumandagi “Shirintoy bolajonlar” davlat-xususiy sheriklikdagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 75 o‘ringa mo‘ljallangan. Asosiysi, bu muassasada 6 nafar pedagog, 3 nafar yordamchi va alohida metodist ishlaydi. Ya’ni, 25 nafar boladan iborat 3 guruhga 2 nafardan tarbiyachi va 1 nafardan yordamchi to‘g‘ri keladi.

Rus tiliga ixtisoslashtirilgan mazkur bog‘chaga ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari imtiyoz asosida qabul qilingan ekan. Bolajonlar bunda davlat dasturidagi mashg‘ulotlardan tashqari taekvondo sporti, musiqa va ingliz tili to‘garaklariga jalb qilinadi.

- Men maktabgacha yoshdagi bolalar guruhi bilan ishlayman, - deydi oliy ma’lumotli tarbiyachi Nargiza Ravshanova. – Mashg‘ulotlarni asosan rus tilida o‘tamiz. O‘zlashtirishida muammo bo‘layotgan bolalar bilan alohida ishlaymiz. Bu yoshda ular mustaqil bo‘lishga o‘rganishi kerak. Shu bois ularga turli o‘yinlar orqali kunni qanday taqsimlash, ko‘cha-ko‘yda o‘zini qanday tutish, bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazish kerakligini ham o‘rgatib boramiz.

Muassasadagi sharoit diqqatga sazovor. Asosiysi, ota-onalardan olinadigan to‘lov miqdori ham unchalik qimmat emas: oddiy oila uchun 600 ming so‘m, ijtimoiy daftarda turgan oila farzandlari uchun 150 ming so‘m. Bu farzandingiz maktabgacha bo‘lgan davrda rus va ingliz tillarini o‘rganishi, sport bilan shug‘ullanishi uchun sarmoya hisoblanadi. Biroq buni barcha ota-onalar ham tushunmaydi. Imkoniyati bo‘lsa-da, turli bahonalar bilan farzandini uyda olib o‘tirganlar ko‘p oramizda.

Mahallamizda davlat va xususiylarini qo‘shib hisoblaganda, 5 ta bog‘cha bor, - deydi “Sochak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhammad Normatov. – Bolalarni bog‘chaga qamrab olish borasida muammo yo‘q. Shunga qaramay, ayrim ota-onalar bolasini uyda olib o‘tiribdi. Ular bilan suhbatlashganimizda turli sabablarni ko‘rsatishadi, pulim yo‘q, deydiganlari ham bor. Bir bola uchun oyiga 150 ming so‘m to‘lov nima degani? Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, farzandini bog‘chaga bermagan ota-onadan biri ishlay olmaydi. Demak, u oilasiga qo‘shimcha daromad keltirmaydi. Agar ular ham biror ishning boshini tutganida, xususiy bog‘chaga yetadigan pulni topishi mumkin edi. Bu esa bola kelajagi uchun kiritilgan investitsiya deyiladi. Bolasini bog‘chaga qo‘yib, o‘zi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarimiz qancha? Ularning uyi ham obod, bolalari ham bilimli bo‘lib ulg‘aymoqda.

Mutaxassislar nima deydi?

Toyloq tumanidagi 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti psixologi Tamara Yo‘ldosheva:

– Bola 5-7 yoshigacha atrofidan o‘ziga kerakli barcha axborotni olib bo‘ladi. Shu bois bu davrda unga ko‘proq e’tibor berish kerak. Ya’ni, bog‘chaga borgan bola dasturxon atrofida o‘tirish, salomlashish, kiyinish, ovqatlanish odobidan tashqari, jamiyatning yurish-turish, muomala me’yorlarini ham o‘rganadi. Bog‘cha psixologi bolani beshta rivojlanish turi bo‘yicha kuzatadi: uning jismoniy, ijtimoiy-hissiy (kattalar va tengdoshlari bilan muloqoti), nutq va til (o‘qish va yozish malakalari), ijodiy rivojlanishi doimiy nazoratda bo‘ladi. Masalan, ba’zi bolalarda badjahllik kuzatiladi. Ular sal narsaga achchiq qilib, boshqa bolalarga ozor beradi. Bunday holatda boladagi asabiylik qayerdan paydo bo‘lganini o‘rganamiz. Ko‘pincha bu oiladagi muhit bilan bog‘liq. Badjahllik esa bolaning himoya qobig‘i hisoblanadi. Bunday bolalar bilan alohida shug‘ullanamiz, turli mashg‘ulotlar yordamida ularni o‘z qobig‘idan chiqarishga harakat qilamiz.

12-umumta’lim maktabi direktori Xolida Mavlonova:

– Joriy o‘quv yilida 99 nafar bolani birinchi sinfga qabul qildik. Ularning 66 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotiga borgan, maktabgacha tayyorlov guruhlarida o‘qigan. Albatta, bog‘chada ta’lim-tarbiya olgan bolalar zukkoligi, ta’lim jarayoniga tez kirishishi, yangi muhitga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Bog‘chaga bormagan bolalar haqida bunday deya olmaymiz. Hatto ta’limning birinchi va ikkinchi haftalarida ular darsga ota-onalari bilan qatnashiga, sinfda ham birga o‘tirib, yangi muhitga moslashishiga to‘g‘ri keldi. Ularning darslarni o‘zlashtirish jarayoni ham qiyinroq kechyapti.

Yuqorida kuzatuv va o‘rganishlarimiz xulosalari, mutaxassisu ota-onalarning fikrlarini bayon qildik. Maqsadimiz – qaysidir ta’lim muassasasini yaxshi, boshqasini yomon deyish emas. Bundan ota-onalarning o‘zi ham bizdan ko‘ra yaxshiroq xabardor. Istagimiz, farzandingiz uchun nima yaxshi ekanligini biling – uni uyda olib o‘tirishmi yoki jamiyatga qo‘shish. Bola tarbiyasida har bir daqiqa g‘animat. Yakuniy xulosani o‘zingiz berasiz, albatta.

Asqar Barotov.