Xususiy notarius 25 yoshdan kichik bo‘lmasligi kerak

Qaror bilan Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, litsenziya olish uchun talabgor:

25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta bo‘lmasligi;

oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi;

yuridik mutaxassislik bo‘yicha 3 yillik stajga ega bo‘lishi (shu jumladan notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o‘tagan bo‘lishi);

malaka imtihonini topshirishi shart.

Sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatiga rahbarlik qilish, ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarda kamida 3 yil ishlagan shaxslar stajirovkadan o‘tmasdan imtihonda ishtirok etishga haqli.

Talabgorlar litsenziya olish uchun davlat xizmatlari markazlariga (DXM) o‘zi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ro‘yxatdan o‘tadi.

DXMlarda markaz xodimi tomonidan, YaIDXPda mustaqil ravishda so‘rovnoma to‘ldiriladi. So‘rovnomaga tegishli hujjatlar elektron tarzda ilova qilinadi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun BHMning yarim baravari (111 ming 500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda yig‘imning 90 foizi (100 ming 350 so‘m) undiriladi.

Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi 15 ish kunigacha bo‘lgan muddatda so‘rovnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, talabgorning malaka imtihonida ishtirok etish yoki ishtirok etishini rad etish to‘g‘risida xulosa tuziladi va tasdiqlanadi.

Malaka imtihoni talabgorning malaka imtihonida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topilgan xulosa tasdiqlangan kundan boshlab 5 kundan so‘ng, lekin 15 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Olinishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori ball to‘plagan talabgor imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor bo‘yicha qarordan ko‘chirma tegishli adliya organiga litsenziya rasmiylashtirish uchun yuboriladi.

Talabgor tomonidan litsenziyani olish uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda davlat boji to‘langandan so‘ng:

litsenziyalovchi organ QR-kod qo‘yilgan litsenziyani rasmiylashtiradi va DXMga yoki talabgorga YaIDXP orqali yuboradi;

DXM litsenziya kelib tushgan kuni uni talabgorning elektron manziliga yuboradi yoki uning so‘roviga asosan litsenziyani qog‘oz shaklda beradi.

Faoliyat yuritayotgan davlat notariuslariga xususiy faoliyat uchun litsenziya faqat ularning arizasiga asosan Qoraqalpog‘iston Adliya vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib beriladi.