XX asrdan XXI asrga transmilliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" bo‘lib o‘tdi
Ularning birinchisi, xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar. Ikkinchisi, narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar. Uchinchisi, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlar.
Fuqarolarning chet mamlakatlarda bo‘lish vaqtida yashab, mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida amal qilinishi lozim bo‘lgan qoidalarni bilmasliklari ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda. Ayniqsa, borgan yurtlari tilini bilmasligi, muayyan kasb va malakaga ega emasligi, aksariyat odamlarning o‘z haq-huquqini talab qila olmasligi ularning og‘ir mehnat sharoitlarida qul sifatida ekspluatatsiya qilinishiga sabab bo‘lmoqda.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari olib borilishiga qaramasdan, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.
Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik oqibatida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Farrux QAHHOROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tumani sudi raisi.