Yagona ijtimoiy to‘lov o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririga muvofiq bir qator yangilik va o‘zgarishlar amaliyotga joriy etildi. Chunonchi, yagona ijtimoiy to‘lov ijtimoiy soliqqa o‘zgartirildi.
Xo‘sh, kimlar ijtimoiy soliq to‘lovchilar hisoblanadi? O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari va filiallari, Soliq kodeksining 408 va 409-moddalarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq ijtimoiy soliq to‘laydigan jismoniy shaxslarning ayrim toifalari ijtimoiy soliq to‘lovchilardir.
Ish beruvchining xodimlar mehnatiga haq to‘lashga doir xarajatlari ijtimoiy soliqning soliq solish ob’yekti sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan ta’minlash yuzasidan xizmatlar ko‘rsatishga doir shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxsga to‘lanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham soliq solish ob’yektidir. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning ayrim toifalari uchun ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini va (yoki) yakka tartibdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish soliq solish ob’yekti hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, ish beruvchining xodimga mehnatda jarohat yetganligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetganligi bilan bog‘liq zararning o‘rnini qoplash tarzidagi, Soliq kodeksining 369-moddasi, ikkinchi qismining 10-bandida ko‘rsatilgan miqdorlardan ortiqcha xarajatlari, shuningdek, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi to‘lashga doir xarajatlar soliq solish ob’yekti hisoblanmaydi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.