Yakshanba kunidan yurtimizda ob-havo salqinlashadi

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 24-25 sentyabr kunlari O‘zbekistonda quyoshli va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunduzi harorat +32...+34 darajagacha ko‘tariladi, bu ushbu kunlar me’yoridan 4-6 daraja yuqori hisoblanadi.

26 sentyabr kuni respublika hududining katta qismida iliq havo massalarining kirib kelishi saqlanib turadi, kechasi harorat +15...+17 darajani, kunduz kuni +35...+37 darajani tashkil etadi.

Yakshanba kuni respublikaning shimoliy hududlariga Volgabo‘yi hududlaridan salqin havo kirib kelishi boshlanadi. Kechga tomon Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatining ba’zi joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi +7...+12 darajagacha, kunduz kuni +20...+25 darajagacha pasayadi.

Dushanba kuni salqin havo O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Respublika bo‘yicha harorat foni keskin pasayadi va haftaning birinchi yarmi davomida kunduz kungi havo harorati +23...+27 daraja, kechasi +12...+15 daraja atrofida bo‘ladi.

26-27 sentyabr kunlarida salqin havo massasining kirib kelishida bulutli qatlamlar ko‘payadi va ba’zi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi. Haftaning ikkinchi yarmida havo haroratining yanada pasayishi kutilmoqda.