Yakshanbadan mamlakatimizda havo soviy boshlaydi
Bugun va ertaga O‘zbekiston hududi issiq janubi-g‘arbiy havo oqimlari ta’sirida bo‘ladi, deya xabar berdi "O‘zgidromet".
Respublika hududining katta qismida ob-havo kam bulutli, harorat iqlimiy me’yordan 4−6 darajaga yuqori bo‘ladi. Kunduzi harorat 22−27 daraja, kechasi 4−9 daraja atrofida bo‘ladi.
8 noyabrda respublika hududiga Kavkaz tomondan sovuq va nam havo oqimi kira boshlaydi. Kun davomida ushbu oqim respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlariga tarqaladi. Kechga borib u O‘zbekistonning markaziy tumanlariga o‘tadi.
Ushbu jarayonda respublika bo‘yicha bulutlilik ortadi, Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. 8 noyabr kechasi va 9 noyabr ertalab mamlakatning markaziy va janubi-sharqiy tumanlarida yomg‘ir yog‘adi. Tog‘li hududlarda yomg‘irning qorga aylanish ehtimoli bor. Ayrim joylarda yog‘ingarchilik kuchli bo‘lishi mumkin.
Yakshanba kuni kunduzi harorat biroz pasayadi. Respublika hududining katta qismida harorat 15−20 daraja, shimolda 8−13 daraja bo‘ladi. Keyingi haftaning boshida esa sovuq tushadi, tungi harorat 0−5 daraja iliq, kunduzi 10−15 daraja bo‘ladi.