Yana 280 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolari rus-qozoq chegarasida to‘plandi

Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari rejalashtirilmagan va kelishilmagan tadbirlarni o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida avval ogohlantirilganliklariga qaramasdan, Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali vatanga qaytish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning Rossiya-Qozog‘iston chegarasi yaqinida, Samara viloyatida to‘planishi davom etmoqda, deya ma’lum qildi O‘zbekistonning Moskva shahridagi Elchixonasi va Qozon shahridagi Bosh konsulligi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan takroran ma’lum qilamizki, 2020 yilning 18 va 19 may kunlari Rossiya-Qozog‘iston chegarasi orqali vatandoshlarimizning O‘zbekistonga olib ketilishi istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalarning avvaldan shakllantirgan ro‘yxati asnosida Rossiya va Qozog‘iston tomonlari bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan edi. Qo‘shimcha ro‘yxatlar tuzilishi ko‘zda tutilmagan.
“Ogohlantirishlarimizga qaramay, 280 taga yaqin fuqarolarimiz Rossiya-Qozog‘iston chegarasi oldida to‘planmoqda. O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi ma’lumotiga ko‘ra, Samara oblasti hukumati ushbu fuqarolarni sanoat ob’yektlarida ish, yotoq joy va oziq-ovqat bilan ta’minlashga tayyorligini bildirgan. Ammo to‘plangan vatandoshlarimizdan faqat 25 tasi ushbu taklifni qabul qilgan bo‘lsa, qolganlari hamon Bolshaya Chernigovka tumani hududida qolmoqda. Ishga joylashishni istamagan va chegara yaqinida qolayotgan vatandoshlarimizni o‘zlarining vaqtincha, doimiy yashash joylariga qaytishlarini hamda charter reyslarini kutishlarini so‘raymiz.
Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmasliklarini, yashash joylarida qolishlarini va karantin choralariga qat’iy amal qilishlarini so‘raymiz“ deyiladi xabarda.