Yana qiz tug‘sang, u menga kerak emas…
Bir madrasada dars beradigan odobli, axloqli muallima bor edi. Yoshi ham o‘tib borar, eshigiga kelgan sovchilariga rad javobini berar edi. Hamkasblari undan:
– Nega turmush qurmaysiz, axir sizda Xudo bergan husn yetarli-ku? – deb so‘rashsa, u aytardi:
– Shu atrofda beshta qizi bor ayol bo‘lgan. Eri unga, agar yana qiz tug‘sang, u menga kerak emas, deb tahdid qildi. Vaqti-soati yetib, ayol yana qiz tug‘di. Bu ulug‘ ne’matga shukr qilish o‘rniga ota go‘dakni ko‘tarib, kimdir olar deb, xufton namozidan keyin masjid eshigini oldiga tashlab keldi. Bomdodda kelib qarasa, go‘dak joyida turganmish, hech kim olmabdi. Qaytarib uyiga olib keladi. Shu zaylda ota har kun murg‘akkina go‘dakni masjid oldiga tashlab kelar, lekin hech kim olmaydi. Yetti kun shu ahvolda o‘tadi. Onaizor esa Qur’on o‘qib, qizalog‘idan ayrilib qolmasligini Allohdan yolvorib so‘rardi. Ota ham zerikib, go‘dakni qayta olib bormay qo‘ydi. Mehribon ona esa go‘dagidan ajrab qolmaganiga juda quvondi. Ayol yana homilador bo‘ldi, yana o‘sha xavotir… ko‘zi yoridi va nihoyat o‘g‘il…
Shu orada katta qizi vafot etdi.
Vaqtlar o‘tib, ayol yana homilador bo‘ldi, bu safar ham o‘g‘illik bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi qizi hayotdan ko‘z yumdi. Shunday qilib, birin-ketin yana uchta o‘g‘illik bo‘ldi-yu, keyingi uchta qizidan ham ayrildi. Negadir, har ko‘zi yorib, o‘g‘il tuqqanida bittadan qizi qazo qilaverardi. Nihoyat, beshta o‘g‘il va o‘sha oltinchi qizi qoldi. Taqdir taqozosi bilan ona ham olamdan ko‘z yumdi.
Oradan bir necha yillar o‘tdi, qizaloq ham bolalar ham ulg‘aydi, ishlik, joylik bo‘ldi.
Muallima gapida davom etdi:
– O‘sha otasi menga kerak emas deb, ko‘chaga tashlab kelgan qiz kimligini bilasizlarmi? O‘sha menman. Turmush qurmaganimga sabab: otam yolg‘iz, yoshi ham ulug‘, men unga yordamchi, shofyor tayinladim, o‘zim ham uning xizmatidaman. Ukalarimga kelsak, ular otamning ziyoratiga deyarli kelmaydi, kelsa ham bir oyda bir, yana biri ikki oyda bir marta keladi, xolos.
Otam menga qilgan ishlariga pushaymon bo‘lib, ko‘p yig‘laydi…
“Qisosun allamatni al-hayat” kitobidan olindi.