Yangi avtobuslar bilan “yashil shahar” sari
Samarqand xalqaro turizm markazida Samarqand shahridagi jamoat transporti xizmatini yanada rivojlantirish, “yashil shahar” doirasida jamoat transportini texnologik yangilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov, Transport vazirligi departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov hamda “Yutong bus” kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha sotuv bo‘limi boshlig‘i Yang Hu so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlik aloqalari, istiqboldagi rejalarga to‘xtaldi.
- “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy avtobuslar 2012 yildan buyon mamlakatimiz transport tarmog‘ida samarali xizmat ko‘rsatmoqda, - deydi Ruslan Ro‘zmetov. – Dastlab kompaniya avtobuslaridan turizm sohasida foydalanilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib jamoat transportida ham keng joriy etilmoqla. Xususan, Toshkent shahri jamoat transportini rivojlantirish maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslarning 800 tasi “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Eng muhimi, ushbu avtobuslarning 300 tasi elektrobus bo‘lib, bugungi kunda katta shaharlarda amalga oshirilayotgan “yashil shahar” rejasiga to‘la javob beradi. Ushbu transport vositalarining har tomonlama qulayligi bois, Samarqand shahrida ham jamoat transportini rivojlantirish borasida boshlangan islohotlar jarayonida yo‘nalishlardagi avtobuslarni elektrobuslarga almashtirish ko‘zda tutilgan.
Shu asosda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda e’lon qilingan loyiha tenderida “Yutong bus” kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, 350 ta elektrobus olib kelinishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, joriy yilda 100 ta zamonaviy elektrobus Samarqand shahri jamoat transporti uchun yetkazib berilishi belgilangan. Ayni paytgacha 6 dona elektrobus keltirilgan. "Yutong bus" bilan hamkorligimiz faqatgina ushbu bilan cheklanib qolmaydi, albatta. Nukus va Namangan shaharlarida ham “Yutong bus” elektrobuslari jamoat transportiga joriy etiladi.
2012 yildan mamlakatimiz transport tizimiga kirib kelgan “Yutong bus” kompaniyasi avtobuslari qisqa vaqt ichida transport xizmati va turizm sohasi vakillarining ishonchini qozondi. Bugungi kunda ushbu sohalarda bu avtobuslardan keng foydalanilmoqda.
Tadbir davomida “Yutong bus” kompaniyasi tomonidan shaharlararo va turistik xizmatlar uchun mo‘ljallangan yangi avlod avtobuslari taqdimoti o‘tkazildi.
- O‘zbekiston transport bozorida 10 yildan beri faoliyat yuritib kelyapmiz, - deydi “Yutong bus” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi bo‘limi boshlig‘i Yang Hu. – Bu vaqt orlag‘ida o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ydik. Bugungi kunda Toshkent shahrida kompaniyamizda ishlab chiqarilgan 300 ta elektrobus va gazda harakatlanadigan 500 ta tabiiy avtobus aholiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, sifatli mahsulotga talab ortadi. Biz ham ayni shu maqsadda avtobuslarimizni zamon talablariga mos tarzda takomillashtirib bormoqdamiz. Bugun taqdim qilingan yangi avlod avtobuslarimiz har jihatdan – kamxarj, chidamli, xavfsiz bo‘lganligi bois hamkorlarimizga ma’qul keladi, deb o‘ylayman. Ayni paytda mamlakatda kompaniyamiz ishlab chiqargan avtobuslarga texnik xizmat ko‘rsatish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi. Bu borada ham maqsadli rejalarni amalga oshiryapmiz. Bugungi kunda kompaniyamiz tomonidan 20 nafar malakali mutaxassis O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda. Samarqand jamoat transportida ham yirik loyihani amalga oshiryapmiz. Buning uchun shu yerda texnik xizmat ko‘rsatish markazi tashkil qilinishi zarur. Shu maqsadda mahalliy hamkorlarimiz birgalikda amaliy ishlarni boshlaganmiz.
Tadbir davomida yangi modellarning texnik imkoniyatlari, xizmat ko‘rsatish, xaridlarni amalga oshirish bo‘yicha taqdimotlar namoyish etildi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.