Yangi baholash tizimining afzalliklari nimada?

Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi islohotlardan biri yangi baholash tizimi bo‘lib, unga ayrim maktablar o‘tmoqda.

Yangi baholash tizimi 2022-2023 o‘quv yilida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga qarashli Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etilgan edi. 2023-2024 o‘quv yilida esa ushbu maktablardan tashqari respublika bo‘yicha 500 ta, xususan, Samarqand viloyatida 68 ta umumta’lim maktabida tatbiq etildi. 2024-2025 o‘quv yilida viloyatdagi yana 50 ta maktab yangi baholash tizimiga o‘tishi rejalashtirilgan.

Dastlab yangi baholash tizimiga o‘tayotgan maktablarga ushbu tizim bo‘yicha semenarlar tashkil etiladi va ixtisoslashgan maktablarning malakali o‘qituvchilaridan iborat trenerlar biriktiriladi. Masalan, 2023-2024-o‘quv yilida yangi baholash tizimiga o‘tgan maktablarga Ixtisoslashgan ta’lim muassasalar agentligi tizimidagi maktablarga malakali trenerlar biriktirildi. Ular yil davomida o‘zlariga biriktirilgan maktablarda seminarlar tashkil qilib, metodik yordam va tavsiyalar berib borishdi. Keyingi yangi baholash tizimiga o‘tadigan maktablar ham xuddi shunday tartibda tayyorlanadi.

Yangi baholash tizimida har bir dars, har bir topshiriq, har bir nazorat ishi, har bir imtihon o‘zining aniq baholash mezoniga asoslanganligi bilan an’anaviy baholash tizimidan keskin farq qiladi. Endi o‘qituvchining roli asosan o‘quvchiga bilim berishga qaratilib, o‘quvchining bilimini baholashiga aralashmaydi. O‘quvchining bilimini baholash aniq ishlab chiqilgan qoidalar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaffof tarzda baholanadi. Shuningdek, har bir nazoratdan so‘ng nazorat ishlari tahlil qilinib, past o‘zlashtirgan o‘quvchining bo‘shlig‘ini aniqlash mexanizmlari ishlab chiqilgan.

O‘quvchi har bir fandan 1 chorak davomida minimal 30 balldan maksimal 100 ball oralig‘idagi ballni qo‘lga kiritishi kerak bo‘ladi. Shundan 50 ballni fan yuzasidan biror bob yoki bo‘lim tugagandan so‘ng bitta yoki bir nechta BSB (bob yoki bo‘lim bo‘yicha summativ baholash) nazoratida, 40 ballni chorak yakunida bitta ChSB (choraklik bo‘yicha summativ baholash) nazoratida, qolgan 10 ballni esa har kunlik FB (formativ baholash)da qo‘lga kiritishi lozim bo‘ladi.

Mazkur baholashda amaliy mashg‘ulot va loyiha ishlarini bajarishga, ular orqali asosiy muammoni topib, xulosalar chiqarishga katta e’tibor qaratilgan.

Bu baholash tizimi o‘qituvchi uchun har bir o‘quvchiga zamon talabi bo‘yicha individual yondashish, o‘zlashtirishi sust o‘quvchilarning past o‘zlashtirish sabablarini ko‘ra olish, o‘quvchining har bir harakatiga, intilishiga, bilimiga haqqoniy baho qo‘yish imkoniyatlarini beradi. Shuningdek, yangi baholash tizimi o‘qituvchining vijdonan ishlashga chorlaydi. Har bir o‘quvchining ishini aniq mezon asosida tekshirish orqali ularga adolatli baho qo‘yishga majbur qiladi. Bu baholash tizimida o‘quvchining to‘g‘ri bo‘lmagan fikrlari uzil-kesil rad etilmasdan, balki ushbu noto‘g‘ri fikrlar inobatga olinadi va ularga ham muayyan ballar beriladiki, bu o‘quvchining darsda imkon qadar faol ishtirok etishiga, noto‘g‘ri javoblar ustida ishlashga undaydi.

O‘quvchiga qo‘yiladigan ballar olgan bilimi, amaliyotda qo‘llashi va mulohaza yurita olishiga qarab taqsimlanadi. Shu sababli yangi baholash tizimi bo‘yicha olingan har bir nazorat o‘quvchini mustaqil tarzda o‘z ustida ishlashga, olgan bilimlarini amaliyotda bog‘lashga, xulosalar chiqarib mulohaza yuritishga, kreativ fikrlashga undaydi.

Qahramon MELIQULOV,

viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bosh metodisti.