Yangi eski prezident: Emmanuel Makron Fransiya prezidenti etib qayta saylandi
58,5 foiz ovoz olgan Emmanuel Makron yana besh yil Yelisey saroyi egasi bo‘lib qoladi.
U g‘alabani Eyfel minorasi etagida nishonladi va o‘zining zafarli nutqida ko‘pchilik faqat ekstremal o‘ng qanot hukumatga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ovoz berganini tan oldi.
O‘ta o‘ng “Milliy birlashuv” partiyasi rahbari Marin Le Pen mag‘lubiyatini tan oldi, biroq raqibini tabriklamadi. Bundan tashqari, u o‘z natijasini "zo‘r g‘alaba" deb atadi, chunki ikkinchi turda uni 41 foizdan ko‘proq fransuzlar qo‘llab-quvvatladi.
Fransuz jurnalistlari “prezidentlik saylovlarining uchinchi bosqichi” deb atagan parlament saylovlari iyun oyida bo‘lib o‘tadi. Har ikki nomzodning partiyalari uchun Milliy Assambleyada ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritish qiyin bo‘ladi – ayniqsa, fransuzlarning siyosiy befarqligi oshib borayotganini hisobga olsak: prezidentlik saylovlarida ishtirok etish oxirgi 20 yil ichida rekord darajada past bo‘ldi.