Yangi farmon yangicha ishlashni taqozo qiladi
Yig‘ilishda Samarqand shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari, FHDYo bo‘limlari mudiralari, korxona, ta’lim muassasalari boshlang‘ich xotin-qizlar tashkiloti rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Fafurova farmondan kelib chiqqan holda ishtirokchilar zimmasidagi vazifalarga to‘xtaldi.
- Hujjatga ko‘ra, xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilishi og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga moddiy yordam ko‘rsatish, tadbirkorlik tashabbuslariga ko‘maklashish imkonini beradi. Ayni vaqtda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 19 ming 148 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ularning oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli o‘rganilmoqda. Shuningdek, mavjud 4 ta sektor kesimida ijtimoiy sharoiti og‘ir 678 nafar xotin-qizga manzilli yordam berish va ularni ish bilan ta’minlash, hunarmandchilikka, tadbirkorlikka jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
Bunday imkoniyatning berilishi qo‘mita, mahalla, salomatlik muassasalari, umuman, keng jamoatchilikning yanada yaqin hamkorlikda ishlashini taqozo qiladi. Oilaviy ajrimlarning ko‘payayotgani, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning oshgani har bir mutasaddining o‘z ishiga vijdonan, tizimli yondashishi lozimligini ko‘rsatmoqda.
Samarqand shahridagi oilaviy ajrimlarni tahlil qilar ekan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi B.Norov xotin-qizlarning chet elga ishga ketishi oila buzilishida asosiy omillardan biri ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, shahar ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura vakillari ham xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning sabablarini atroflicha tahlil qildi.
Gulruh MO‘MINOVA.