Yangi kitob: Tafakkur qudrati – hayot haqiqati

Taniqli faylasuf olim, davlat arbobi, qadrli ustozim Baxtiyor O‘rdashevning “Xotiram lavhalari” deb nomlangan kitobini mutolaa qilar ekanman, ko‘z o‘ngimda jamiyatimiz va xalqimiz hayotining eng ziddiyatli, mas’uliyatli, mashaqqatli davrida – XX asrda shakllangan va kamolga yetgan mutafakkir bir shaxs namoyon bo‘ldi. So‘zlarim mubolag‘a emas. Buning isboti olim xotiralari o‘rin olgan birinchi kitob bo‘lmish “Nomi xushohang Juma” nomli asarda ravshan ko‘rinadi. Asarda totalitar tuzum hukmron jamiyatda chin insoniylik, olimlik, oqil va insonsevar rahbarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan va yot mafkura ta’siridan asray olgan shaxs hakimona mushohada yuritadi.

Kitob qadimiy Samarqand shahrining “Burilish” deb nomlangan bekatidan mo‘’jaz, ammo ancha tarixiy provinsial shaharcha Jumaga ekskursdan iborat. Ekskurs – nisbiy ma’noda. Chunki bu o‘ziga xos sayohatda yozuvchi tarixiy, jug‘rofiy, etnomilliy va madaniy, falsafiy, ma’rifiy mushohadalar oqimida suzadi, hayotiy kuzatuvlari asosidagi mantiqiy xulosalarini bayon etadi. Asar “Aql bovar qilmas joziba”, “Burilishdan boshlanguvchi yo‘l”, “Etnomadaniyat an’analarini saqlab kelayotganlar”, “O‘nqir-cho‘nqir yo‘llar osha... yoxud bechora daraxtlar haqida bir og‘iz so‘z deng”, “Charxpalak saboqlari”, “Navbatdagi bekat – “Arabxona”, “Olg‘a uchgil bizning parovoz... yoki Qarag‘anda orqali Jumaga” kabi bir qator g‘oyat qiziqarli sarlavhalar bilan boshlanadigan hikoyalardan tashkil topgan. 

O‘smirlikning yorqin taassurotlari muallifning O‘zbekistonning futbol komandasi “Paxtakor”ning xalqaro o‘yinlari tafsilotlarida va shunga bog‘liq yoshi, saviyasi turlicha bo‘lgan ishqibozlar o‘rtasida yurgan har xil rivoyatu latifalarda ham o‘z ifodasini topgan. Ammo, xulosa faylasufona, hakimona: “Endi – o‘sha voqealardan necha o‘nlab yillar o‘tgach, futbolga alohida mehr bilan qarovchi, undan rohatlanuvchi, uni ancha-muncha chuqur tushunib, yetarlicha baholay oluvchi bir o‘zbekistonlik ishqiboz sifatida, keyinroq mayda-chuyda amirliklar, sultonliklaru knyazliklarga bo‘linib ketgan huv “o‘sha” yerlar futbolchilarining mamlakatimiz termasi yoki jamoalari bilan o‘yinlardagi bugungi kibru havolarini ko‘rib, o‘tgan davrlarga nisbatan g‘alati bir sog‘inch hissini tuyaman. Chamasi, bu sog‘inch o‘sha XX asr qa’ridan kelayotgan bir his – vatanparvarlik tuyg‘usining hech narsaga, chunonchi hech qanday zebu ziynat, molu davlatga almashtirish mumkin emasligiga ishonch bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Deydilarki, bugun o‘sha “qora qit’a”dagi dindoshlarimizning dollarlari mamlakatlari joylashgan sahrodagi qumlardan ham ko‘p emish. Biroq, men qo‘msayotgan hissiyotning qadriyu qudratiga hech qanday boylik barobar kelolmaydi, deb o‘ylayman”.

Olimning xotiralari bilan bog‘liq kuzatuv va tahlillari bevosita jamiyat hayotidagi muammolar o‘zaniga tushib ketaveradi. U jamiyat ma’naviy qatlamini o‘ylantirgan, tashvishga solgan ko‘pgina muammolar haqida so‘z ochadi, o‘zining munosabatini bildiradi, takliflarini beradi: “O‘zimdagi konservativlikning ayrim ko‘rinishlari, chunonchi hayotimizga xos bo‘lgan, biroq yetarlicha qadrlanmagani bois yo‘qolib borayotgan betakror rusum va an’analarni qo‘msash hissi qayoqdan paydo bo‘lganini hech qachon tushuntirib berolmasam kerak. Faqat shuni aytishim mumkinki, madaniyatshunoslik borasidagi qarashlarim asosida anglashimcha, madaniyatdagi vorisiylik (avloddan avlodga o‘tish) mexanizmining qaysi bo‘g‘inida susayish, zaiflik yuzaga kelsa, o‘sha yerda millatning o‘ziga xosligini belgilovchi xususiyatlar sekin-asta, sezdirmasdan pasayib tanazzulga uchrab, yashovchanligini yo‘qotib boradi. Axloqiy qadriyatlar kasodga uchraydi, fikr tarzi buziladi, ko‘zlanadigan marralar yomon tomonga o‘zgaradi, ularning o‘rnini tashqaridan tiqishtiriladigan tajovuzkor tushunchalar egallaydi. Chamasi biz bundan tegishli xulosa chiqarib, o‘z milliy qadriyatlarimizga munosabatni yanada mukammallashtirishimiz kerakka o‘xshaydi”. Olim yaponlar, malayziyaliklar, singapurliklardagi iqtisodiyot va innovatsiyalar sohasidagi yangilanishni, yahudiylarning o‘z qadriyat va an’analarini milliy o‘zlikni anglash vositasiga, intellektual salohiyatni uzluksiz kuchaytirish, yuksak darajadagi professionalizmga erishishning qudratli quroliga aylantirganliklarini, xitoyliklarning yaqin kelajakda dunyo bozorini batamom egallash, dunyo hamjamiyatida yaqqol yetakchilikni qo‘lga kiritish borasidagi shiddatli faolligini o‘z millati taqdirida ham ko‘rishni istaydi.

Muallif vatanining har bir qarich yerini, tabiatini e’zozlaydi, mehr bilan kuzatadi. U vatanining tarix tegirmoniga tushgan mo‘’jaz parchalarigacha eslaydi, qadrlaydi, afsus chekadi: “Xotiramga mustahkam o‘rnashgan inshootlardan yana biri Samarqanddan kelaverishda chap tomonda bepoyon dalalarning qoq o‘rtasida qad ko‘targan, balandligi taxminan 3 qavatli uycha keladigan yakka tepalik. Darg‘omning xuddi Gollivud filmlarida aks etgan kanonlarga o‘xshab ketuvchi tik jarliklari yaqinidagi bu tepalikni ilk bor bolalik paytlarimda, hayotimning eng asosiy yo‘lidan endigina yura boshlagan chog‘larimda ko‘rib, alohida e’tibor qilganman. Bir qarashda juda oddiy, jo‘n ko‘rinadigan bu kichkina qir meni beixtiyor o‘ziga tortdi va xuddi Malevichning “Qora kvadrat” kartinasi singari uning allanechuk yashirin sinoatlari xususida o‘ylashga da’vat etdi. Uzoq yillar mobaynida davomli tanaffuslar bilan bu qadrdon yo‘ldan ota makonim sari borar ekanman, har gal nigohim bilan ushbu tepalikni izlardi va yashil dalalar uzra mag‘rur qad ko‘tarib turgan salobatli yuksaklikni ko‘rgach, ko‘nglim to‘lib, ruhimda ajib bir sokinlik his etar edim. Ammo... kunlardan bir kun, navbatdagi safarlarimdan birida bolalik chog‘larimdan buyon men uchun allaqanday qimmatli tabiat obidasiga aylangan ushbu tepalikning hajmi tobora kichrayib borayotganini sezib qoldim. Oradan o‘nlab yillar o‘tgach esa, tasavvurimning ajralmas bo‘lagiga aylangan bu balandlik butkul tekislanib, yo‘q qilib yuborilganiga guvoh bo‘ldim. Sho‘rlik tepa tabiatni “zabt etuvchi” mahalliy shovvoz mansabdorlarning har qanday o‘ziga xoslikni bir xil, zerikarli tekisliklarga aylantirish borasidagi shijoatlarining qurboniga aylangan ekan... Past Darg‘omdagi tepalikning yo‘qolishi, dunyoning o‘zidek ko‘hna va evristik ahamiyatga ega bo‘lmagan bir haqiqatni tasdiqlaydi go‘yo: hech narsa abadiy emas, barchasi o‘tkinchi. Lekin o‘ylaymanki, bu tepalik biror bir xo‘jalik manfaatlariga, umuman hech kimga zarari tegmagan holda yana 500, hatto ming yil o‘z joyida Samarqand viloyatining turistik qiyofasiga oro berib turaverishi mumkin edi... Shu ma’noda 2020, kabisa yilida yer yuzining aksariyat qismini o‘z iskanjasiga olgan koronavirus pandemiyasi insoniyatning ko‘ziga ko‘plab haqiqatlarni, majburiyatlarni, parvardigor tomonidan berilgan va u peshonasi devorga urilganiga qadar qadriga yetmagan ne’matlarning mohiyatini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Bu yerda gap yer yuzidagi har bir banda uchun benihoya oddiy, erishish oson va hech qachon yo‘qolmaydigan bo‘lib ko‘rinuvchi ne’matlar haqida bormoqda. Pandemiya bashariyatni o‘z borlig‘ining mohiyatini anglashga, ma’naviy qadriyatlarning moddiyatdan naqadar ustun ekanligini tushunishga undamoqda”.

Muallif asarda tarixchi, etnograf, ekolog, jamiyatshunos, madaniyatshunos bo‘lish bilan birga tilshunos olim sifatida ham gavdalanib turadi. U Juma yo‘lining olmazor bog‘lar yonidan o‘tuvchi ariqdagi ulkan charxpalak haqida gapirar ekan: “Ushbu sug‘orish qurilmasi qadimgi chig‘atoy tilida hozir juda kam ishlatiladigan “chig‘ir” so‘zi bilan atalgan. Hozirgi o‘zbek tilida ko‘proq fors-tojikcha “charxpalak” atamasi ko‘proq qo‘llaniladi. Nazarimda dehqon ajdodlarimizdan qolgan ushbu tarixiy-madaniy artefakt dunyo olimlari asrlar bo‘yi yaratishni orzu qilib kelayotgan “perpetuum mobile” ya’ni abadiy dvigatelning Markaziy Osiyocha protomodeli, ya’ni o‘ziga xos nusxasi sifatida qaralishiga arziydi. Aytmoqchimanki, tarixiy manbalarda u dunyodagi eng qadim sug‘orish uskunalaridan biri sifatida tilga olinadi... Ona tilim bo‘lgan o‘zbekchada “charxpalak” so‘zining naqadar topqirlik bilan serqirra va nozik ma’nolarda ishlatilishi menga juda yoqadi. Turli yillarda chop etilgan izohli lug‘atlarni titkilab, uning turlicha talqinlariga ega ekanligiga ishonch hosil qilish mumkin: “aylanma arg‘amchi”, “shayton g‘ildiragi” (parklarda); sirpanib yoki qoqilib ketib oyog‘i osmonda bo‘lish (agar aniqlovchi so‘zlar qo‘shilsa), mansabdan, ishdan, biznesdan, obro‘dan (ko‘chma ma’noda) judo bo‘lish va hokazo. Shaxsan menga uning taqdir qing‘irliklari va tarix aylanmasi, degan ma’noda ishlatilishi ko‘proq yoqadi”.

Olim davlat va jamiyat hayotini ancha chuqur bilgan, kuzatgan, tahlil qilgan va amaliy faoliyat olib borgan rahbar xodim va mutaxassis sifatida hayotiy tajribasi natijasi o‘laroq ko‘p sohalarda bilimi va taklif- mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi. U jamiyatda shakllanayotgan shaxsning chuqur ijodiy-intellektual salohiyati, shuningdek, kelgusida fanda yangiliklar yoki adabiyot-san’atda badiiy jihatdan yuksak asarlar yaratish imkoniyati uning bolalikda o‘zini o‘rab turgan turfa ranglardagi borliqni, xilma-xil voqeliklarni bevosita kuzatish tajribasi nechog‘lik boy bo‘lganiga uzviy bog‘liq, degan xulosaga keladi. Uning nazarida: “...o‘z milliy manfaatlarini ko‘zlagan holda modernizatsiyalash asosidagi taraqqiyot yo‘lini tanlagan har qanday mamlakat bandlik sohalaridagi diletantlik, ya’ni kasb mahoratining pastligi, dunyoqarashning torligi, kreativlik, ya’ni ijodiy tashabbuskorlik yetishmasligi – huv o‘sha ellinizm davrlaridagi “axiless tovoni”, ko‘zlangan maqsad sari harakatga to‘sqinlik qiluvchi illatlardir. Ana shunday ojizona “kasbiy yaroqsizlik” belgilari bugungi O‘zbekiston menejerlar sinfi va ijrochi kadrlarining yangi avlodi orasida ham tez-tez ko‘zga tashlanib turadi. Jamoatchilik fikriga ko‘ra, bu asosan xuddi o‘sha – o‘tgan yillar davomida maktab hamda kasb-hunar tizimida yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar hosilasidir. Demak, tushunayapmizki, barcha davrlar uchun tabiiy bo‘lgan avlodlar almashinuvi jarayonida jamiyatning o‘ta muhim sohalarida “chalasavodlik”ning ayanchli oqibatlari surunkali tarzda namoyon bo‘lib turibdi. Buning oldini olish yo‘li esa yagona – o‘tish davrida yetarlicha ezg‘ilangan va tubanlik sari borayotgan ta’lim tizimimizni qutqarishdan iborat. Va buni o‘zimizdan, shu ona zamin bilan abadiy bog‘langan hamda uning gullab-yashnashidan bevosita manfaatdor kishilardan boshqa hech kim kelib qilib bermaydi”.

Kitobdan qisqaroq iqtibos olishning, ko‘rinayotganidek, mutlaqo imkoni yo‘q. Muallif tahlillari chuqur, keng, batafsil. U davlatimizda maorif va oliy ta’lim tizimida paydo bo‘lgan masalalar va muammolarga ham nihoyatda jiddiy va oqilona yondashish lozimligiga e’tiborni tortadi. “Pedagoglar va ota-onalar jamoatchiligi, - deb yozadi olim, - uchinchi ming yillik boshida yoshlar to‘lasincha kiber avlodga aylanib ketishi, buning oqibatida real hayot qadriyatlarni eskirgan va zerikarli deb hisoblay boshlashi, xullas, virtual girdobga butunlay cho‘kib ketishi bilan bog‘liq xatarlarga tobora ko‘proq va keskinroq to‘qnasha boradi. Bu xavfning oldini olish borasidagi dastlabki kechiktirib bo‘lmaydigan qadamlardan biri – ular ham o‘z savodxonliklarini muntazam oshirib borishi, bir paytlar oliy yoki o‘rta-maxsus o‘quv yurtida olgan bilimlarini boyitish, aniqroq aytsak, bugungi avlodning saviyasidan yuqoriroq, ya’ni ularning axborot texnologiyalari borasidagi savollariga javob bera oladigan darajada bo‘lishlaridan iborat. Navbatdagi xulosa oddiy va tushunarli: agar biz zamon bilan hamohang qadam tashlovchi, ijtimoy foydali, yetuk shaxsni shakllantirish yo‘lidan bormoqchi ekanmiz, bolalardagi (ularning shahar yoki qishloqda yashashini hisobga olgan holda) kommunikativ – qiziqish borasidagi faollikni ro‘yobga chiqarishning sharoitlari turfaligini tan olishimiz lozim”.

Ma’lumki, har qanday davlat o‘zining kelajagini o‘sib kelayotgan yosh avlod intellektual salohiyati va ma’naviy kuchida ko‘radi, undan umid qiladi. Xuddi shuningdek, biz varaqlayotgan kitob sahifalarida ham mana shu sohaga oid fikr-mulohazalar, tanqid va tahlillar, hikoyalar, taklif va tavsiyalar anchagina. Tajribali rahbar va chuqur tahlil qiluvchi olimning fikrlari asosli va dolzarb: “Shu o‘rinda o‘zimga xos bo‘lmagan va eng keskin, zarurat holatlaridagina yuzaga chiqarishim mumkin bo‘lgan qat’iyat bilan bir taklifni ilgari surmoqchiman: mamlakatimizda oliy ta’limni jonlantirish borasida amalga oshirilayotgan boshqa tadbirlar bilan bir qatorda alohida qobiliyatga ega, peshqadam yoshlardan iborat kichik guruhlar tuzib, maqsadli taqsimot asosida xorijga o‘qishga yuborish va kelgusida bu tajribani davlat ahamiyatiga molik doimiy loyihaga aylantirish darkor. Jamiyatni isloh qilish va yangilash borasida o‘rtaga tashlanayotgan vazifalar miqyosi naqadar kengligi va buning kadrlar intellektual saviyasiga nechog‘lik bog‘liqligini hisobga oladigan bo‘lsak, ushbu tajriba uzoq istiqbol uchun dolzarb ahamiyatga egadir”. Muallif ta’kidiga ko‘ra, mavzuning dolzarbligi shuni taqozo etadiki, yoshlarimizni xorij mamlakatlaridagi tegishli oliy o‘quv yurtlarida jiddiy kvota taqsimotlari asosida statsionar asosda o‘qitib, a’lo sifatli kasbiy ta’lim olishlarini qat’iy talab qilib, shunga erishmoq lozim. Bundan tashqari, yurtimizda turli filiallar ochib tashlashga sarflanayotgan mablag‘lar o‘zbek yoshlarining dunyodagi nufuzli OTMlarning bevosita o‘zida ta’lim olishlariga sarflansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Olimni o‘ylantirgan masalalardan yana biri – davlatimizning rasmiy tili masalasi. Uning fikricha: “O‘zbekistonda til bilan bog‘liq muammolar kelgusida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmasligi, ya’ni ijobiy, jamiyat uchun foydali manzaralaru yechimlarga sabab bo‘lish bilan birgalikda, ayrim manfaatdor kuchlar uchun allaqanday “gibrid” qurol vazifasini bajarishi ham mumkinligi ayon bo‘lmoqda... Ayniqsa, tushunarli bo‘lgan haqiqat ko‘rsatadiki, tilga hurmatsizlik, unda so‘zlovchi xalqqa hurmatsizlik bilan bir qatorda turadi. Endilikda jamiyatimiz davlat tili bo‘lgan, shusiz ham uzoq yillar o‘z tuprog‘ida haq-huquqini yo‘qotib, xo‘rlangan, kamsitilgan jonajon o‘zbek tilimizni qadrsizlanishiga zinhor-zinhor yo‘l qo‘yilmasligi lozim, davlat tili haqida qonun so‘zsiz ijro etilishi shart. Ayrimlarning zimdan, ba’zan oshkora mensimasliklariga nisbatan davlat boshqaruvi va jamiyatimiz shunga teng munosabatda bo‘lishlari lozim”.

Kitobning eng qiziqarli sahifalari unda bag‘oyat samimiyat, o‘rni kelganda ehtirom, ba’zan beozor yumor, ba’zan kinoya va qochirimlar, o‘xshatishlar, hamdardlik va muhabbat bilan tasvirlangan INSON TAQDIRlaridir. Bular muallifning aziz ota-onasi, yaqinlari, do‘stlari, o‘qituvchilari, qo‘ni-qo‘shnilari, tanish-bilishlari ... xullas, HAZRATI INSONlar. Ularning hayotlari bilan bog‘liq tafsilotlarni eshitish esa nihoyatda maroqli. Aynan shu sahifalarda muallifning o‘zining ham insoniy va insonshunos sifatidagi samimiy qiyofasi yorqin gavdalanadi. Bir o‘rinda muallif Ikkinchi jahon urushida ikki oyog‘idan ayrilgan, Buxoro shahriga ketayotib, yo‘lda Jumaga tushib, shu yerda muqim bo‘lib qolgan tilanchi cholning ko‘zlarini faqat yerga tikib o‘tirishi holatini mahorat bilan tasvirlaydi. Cholning taqdir hukmiga bo‘ysungani, ammo ichki g‘ururi va madaniyatini ko‘zlarini yerga tikish bilangina bildirib turganini tushunib, unga nisbatan chuqur hurmatini izhor etadi.

Olim, murabbiy, yozuvchi, rahbar, samimiy inson Baxtiyor Sultonovich O‘rdashevning bu sohalardagi shaxsiyatini men ham hayotimning eng farahli yillarida – talabaligimda ko‘rganman. SamDPInig rus filologiyasi fakultetida o‘qiganman, ustoz bizga falsafadan dars berganlar. Boshqa domlalardan ko‘p sifatlari bilan ajralib turardilar, shulardan bittasi: bizni tinglashga, bizni tushunishga harakat qilardilar. Keyinroq, ustoz shu institut boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakulteti dekani lavozimida ishlaganlarida men dekanatda kotiba edim. To‘g‘riso‘z, adolatli, g‘ayratli va asosiysi – zamonaviy fikrlovchi rahbar edilar. Bir hamkasb ayol mendan: “Bunchalik rahbaringga sodiqsan, mahliyosan?”, deb so‘ragan edi. Men “Ha, mahliyoman. Chunki, bu insonda o‘zimning donishmand, mag‘rur, madaniyati baland Otamning, amakilarimning sifatlarini topyapman. Bu yerda o‘zimni oilam bag‘ridagidek his qilyapman”, - deb javob bergandim. Fakultetda ish jarayonini shunday o‘zanga soldilarki, natijada jamoada sog‘lom ishchi muhit paydo bo‘ldi, ta’lim jarayoni sifat va samarasi o‘sdi, talabalar institut hayotining eng faol a’zolari, madaniy tadbirlar ishtirokchilari, umidli yosh kuch sifatida namoyon bo‘ldilar. Nazarimda, oqil rahbar bosh bo‘lgan bu fakultetda har bir talaba o‘zini xuddi oilasi bag‘ridagidek his qilar edi.

Ustoz Samarqand shahar muzeylar bosh boshqarmasi direktori bo‘lgan yillarida mening ilmi bahri ummon, ammo hayotda necha yiqilib tursa ham sinmagan, buloq singari yangidan ko‘z ochavergan, o‘zidan katta ilmiy mahsulot, asosiysi yaxshi xotira qoldirgan otajonim bilan ham birga ishladilar. Otajonim ham Baxtiyor Sultonovichning salohiyatli, jiddiy va juda tadbirli rahbar ekanliklarini doim e’tirof etar, chuqur hurmat qilar edilar.

Xullas, yaxshi kitobni qo‘lga olgan, yaxshi inson fazilatlari haqida so‘z boshlagan kishi uchun kun ham tez botarkan, tong ham tez otarkan. Hayotlarining ayni shiraga to‘lgan pallasida muhtaram olimga, aziz ustozga, bag‘rikeng va samimiy hazrati insonga mudom yurtga xizmat qilish baxti yor bo‘lishini, ikki dunyo saodatini tilaymiz.

Dilorom SALOHIY, 

filologiya fanlari doktori, professor.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi.