Yangi kitob: “Topishmoq, zo‘r topishmoq”

Ismat Sanayev - taniqli shoir, adabiyotshunos va tarixnavis olim, filologiya fanlari nomzodi. Paxtachi tumanida yashovchi ijodkor shu paytgacha kitobxonlarga ellikka yaqin kitob yozgan. Asarlari rus, turk, ingliz, italyan va hind tillariga tarjima qilingan. I.Sanayevning galdagi kitobi “Topishmoq, zo‘r topishmoq”, deb nomlandi.

Toshkent shahridagi “Zamin nashr” nashriyotida nashrdan chiqqan ushbu ko‘p seriyali risola 8 kitobdan tarkib topgan. Ushbu seriyada yozilgan birinchi kitob “O‘qig‘il o‘ngu chapdan” deb nomlanadi. Bu kitob asosan anagrammalardan tarkib topgan.

***

Adabiyotning bag‘ri keng, ijodkorlar ham yetarli, uslublari ham xilma-xil, turli mavzuda asarlar ham yaratilmoqda. Ismat Sanayev yangilik qilishga intilib kelayotgan adabiyotshunos olimlardan biri. Buni uning yozgan asarlari misolida ham ko‘rish mumkin.

2001 yilda “XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Zarafshon vodiysi adabiy muhiti” mavzuida dissertatsiya himoya qilib, unda ijodiy faoliyati deyarli o‘rganilmaganligi uchun ko‘pchilikka noma’lum bo‘lib kelayotgan Nodim Ziyovuddiniy, Mirzo Olim Devona, Mirzo Salimiy, Abdulahadxon Muzaffar o‘g‘li Ojiz, Bahrombek Davlatshoh o‘g‘li Tarjimon singari ijodkorlar ijodiyoti misolida o‘sha davr adabiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlari, ijodkorlar shaxsiyati, jamiyatdagi o‘rni, dunyoqarashi, badiiy san’atkorligi, tili va uslubi masalalarini birlamchi manbalar asosida yoritib bergandi.

Tuyuq janrida ko‘plab asarlar yozilgan, ammo devon yaratilmagan. Odatda,  devon asosan g‘azallardan tarkib topgan bo‘ladi. Shoir Ismat Sanayev 1010 ta tuyuqni o‘z ichiga olgan “So‘z suydirgan sehr” (1996 y.) nomli devonini yaratib, o‘zbek adabiyotida yangilik qildi.

Muammo yozish qiyin, yechimi undan ham murakkab. I.Sanayev 525 ta muammodan tarkib topgan “Imoga ilhaq nazokat” (1997 y.) nomli devonni nashr ettirib, yana yangilikka qo‘l urdi.

She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari maqlubi mustaviy janrining murakkabligi, mehnatining og‘irligi, so‘z va iboralarni teskari o‘qish birmuncha mashaqqatligini e’tiborga olib, quyidagicha fikr bildirgan: “Ma’lum emaskim, bu fanda hargiz hech kishi ancha jam’ va mufid kitob bitimish bo‘lg‘ay. Bovujudi ixtisor maqlubi mustaviy san’atidakim, andin mushkulroq san’at bo‘lmas”.

Ana shunday murakkab janrda nazmda bitilgan 1185 bayt (2370 misra)dan iborat, nasrda  yozilgan 19 jumlada o‘z ifodasini topgan 3443 ta maqlublardan jamlangan “Bobur, ana rubob” (“Devoni maqlubot”, 2019  yil) nomli devonini yaratib yana bir xayrli ishni amalga oshirdiki, bu tahsinga loyiq.

Palindrom – qadimiy, qiziqarli janr. Bu borada adabiyotimizda maxsus alohida kitob yaratilmagan edi. I.Sanayev nazmda bitilgan 1303 bayt va nasriy yo‘lda yozilgan 48 jumlada o‘z ifodasini topgan 3 ming 700 ta palindromdan tashkil topgan. “Ana qiziq, ana” (2022 yil) nomli kitobini nashr ettirib yana bir savobli ishga qo‘l urdi. Palindrom janrida o‘zbek adabiyotida yaratilgan birinchi asar ekanligi jihatdan ham mazkur kitob muhim ahamiyatga ega.

I.Sanayevning jahon adabiyotida mashhur bo‘lgan, ammo o‘zbek adabiyotida e’tibordan chetda qolgan, nomlari hatto lug‘atlarga ham kirmagan badiiy san’at turlari xususida bosh qotirib, 8 kitobdan tarkib topgan “Topishmoq zo‘r, topishmoq” seriyasida asarlar yozdi. Bu kitoblar jahonda mashhur bo‘lgan badiiy san’atning o‘zbek adabiyotida ilk bor qo‘llanilishi jihatdan ham muhim ahamiyatga ega.

“Topishmoq zo‘r, topishmoq” seriyasida yozilgan “O‘qig‘il o‘ngu chapdan”  nomli 1-kitob asosan anagrammalardan tarkib topgan. Topishmoqning yangi ko‘rinishdagi bu turi kitobxonni o‘ziga tortadi, yechimlari ko‘ngilga zavq beradi, ayni vaqtda bilim doirasini kengaytiradi. Topishmoqlar vaqtni behuda sarflashning oldini oladi, faxr va g‘urur tuyg‘usi jo‘shib, samarali hamda barakali umr kechirib ulkan zafarlarga erishishga yo‘llaydi, degan umiddamiz.

Aftondil ERKINOV,

filologiya fanlari doktori, professor.