Yangi kitob: “Xayolim guli”

Dilshoda Saidolimova – Oqdaryo farzandi. Loyish shaharchasiga tutash qishloqda yashaydi. U “Qizlar”, “Kichkina ammam”, “Sen mening quvonchimsan”, “Umidim” kabi kitoblari bilan she’riyat ixlosmandlariga tanish.

She’rlari respublika, viloyat, tuman matbuot nashrlarida tez-tez bosilib turadi. Yaqinda Toshkentda – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uning yangi kitobi - “Xayolim guli” she’riy guldastasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Har bir ijodkorning o‘z nafasi, o‘z ifoda usuli, ko‘nglining betakror mulki bor. Shu jihatdan bu kitob Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilshoda Saidolimovadan adabiyotimiz kutubxonasiga ajoyib tuhfa bo‘ldi. She’rlargina emas, hikmatlar, kuzatishlar asosidagi xulosalari kishini o‘ylantiradi. Ularni mutolaa qilayotganda biridan ikkinchisiga tezgina o‘tib ketolmaysiz.
“Haqiqiy ijodkor bo‘laman, degan kishi ijod yo‘lidagi shag‘al va chaqir tikanlarni o‘zgalar terib tashlashini kutib o‘tirmaydi”, deb yozadi muallif o‘z xulosalarini ta’sirchan iboralarga jo qilib. Umuman, kitobni varaqlagan kishi undan albatta o‘ziga ibrat, hikmat oladi.

Qiziqarli o‘tgan taqdimotda adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshevning mulohazalari, shoira Qutlibeka Rahimboyevaning kitobda jamlangan she’rlar haqidagi teran fikrlari ishtirokchilar va ijodkorlarni to‘lqinlantirdi. Tarjimon Ma’suma Ahmedova esa shoiraning shaxsiy hayotidagi ibratli voqealar, ulkan savobli ishlar haqida ta’sirchan so‘zladi.
Darvoqe, taqdimot marosimida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi xodimlari ham ishtirok etdi, kitobdan o‘rin olgan she’rlarning ta’sirchanligi haqida fikrlarini bildirishdi. O‘quvchilar tadbirda yig‘ilganlarga shoira she’rlaridan yod o‘qib berdilar.
Taqdimot ishtirokchilariga “Xayolim guli” kitobi tuhfa etildi.

Ma’mura Zohidova.