Yangi Konstitutsiyada o‘qituvchilarimiz sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinadi

Samarqand shahridagi Prezident maktabida Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi raisi O.Pardayev ishtirokida «Konstitutsiya — o‘zimizniki», «Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi» mavzularida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda referendum o‘tkazish tartiblari tushuntirib berildi. Shuningdek, yangi Konstitutsiya loyihasida xalqimizning demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi qadriyatlarga sodiqligi ifoda etilganligi, ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratish, aholi farovonligini oshirish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, hayotning barcha sohalarini liberallashtirishga muhim ahamiyat qaratilganligi haqida batafsil tushunchalar berildi.

Loyihada aholining barcha qatlamlari, shu jumladan ayollar, nuroniylar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, xorijdagi vatandoshlarimiz, hattoki mahkumlar – barchasini huquq va manfaatlari hisobga olinmoqda.

Ta’lim-tarbiya tizimi va imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda – ilk marotaba ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etilishi, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish imkoniyati berilishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi hamda, eng muhimi, o‘qituvchilarimiz sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi belgilanayotganligi va shu asnoda korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashishlik lozimligi va mazkur toifadagi jinoyatlarni ko‘rish amaliyoti va jazo turlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

Zarifa Ahmedova.