Yangi monografiyalar: Milliy me’morchiligimizning o‘tmishi va buguni

Professor Ahtam O‘ralov respublika arxitektura-me’morchilik sohasida yetuk mutaxassis. Yaqinda domla “SamDU  nashr-matbaa markazida izlanish olib borayotgan L.Rahimov, A.Haqqulov, Sh.Abduraimovlar bilan hammualliflikda “Temuriylar arxitekturasi tarixi” va “Arxitektura yodgorliklarini ta’mirlash va qayta tiklash tamoyillari” monografiyalarini chop ettirdi.

“Temuriylar arxitekturasi tarixi” monografiyasida Amir Temurning Samarqand va Shahrisabzda yaratgan “me’moriy stil”i  Movarounnahr va Xurosonda keyinchalik Hindiston, Arab islom mamlakatlari, G‘arbiy Yevropa-Ispaniyaga va boshqa Temuriylar arxitekturasi tarixiga ta’siri  ko‘rsatilgan.

Jumladan, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulug‘bek,  Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy davri me’morchiligi hamda Temuriylar davrining davolash va shifobaxsh muassasalari, tasviriy san’at va naqqoshlik, o‘rta asrlarda “Temur stili” ning mazmun-mohiyati ham ko‘rsatib berilgan.

Monografiya arxitektorlar, tarixchilar, san’atshunoslar arxitektura sohasining bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar,  shuningdek, temuriylar davri arxitekturasi hamda O‘zbekiston me’moriy merosini o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan barcha mutaxassislarga mo‘ljallangan.

Arxitektura yodgorliklarini tamirlash va qayta tiklash tamoyillari” monografiyasida me’moriy yodgorliklarning tarixiy shakllanish asoslari, O‘zbekistondagi arxitektor olimlar va ta’mirchi xalq ustalarining me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash tajribalari hamda arxitektura yodgorliklarining konstruktiv yechimlari aks etgan.

E’tiborlisi, chet el va MDH mamlakatlarida obidalarni ta’mirlash tajribasi, obidalarda qo‘llangan me’moriy bezaklar, qurilish materiallari va ashyolaridan foydalanish jarayonlari mukammal berilgan.

Bundan tashqari, arxitektura yodgorliklarini tamirlash, qayta tiklashning texnologik jarayonlari, obidalarning konstruktiv mustahkamligini saqlashning zamonaviy tamoyillari, usullari va qoidalari yoritib berilgan.

Ushbu monografiya ta’mirchi mutaxassislar, restavratorlar, arxitektura bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olayotgan talabalar va shu yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan xodimlar uchun  mo‘ljallangan.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.