Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!

Kecha bo‘lgan holat. Tahririyatga kelgan murojaat yuzasidan hudud mas’ullarining fikrini bilish uchun tuman hokimiga qo‘ng‘iroq qilgandim “birozdan keyin o‘zim telefon qilaman” deb o‘chirib qo‘ydi.
Hali soat sakkiz ham bo‘lmadi, ertalabdan yig‘ilishdamikan, deb o‘yladim. Hozir rahbarlarga oson emas, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Tunu kun ishlashga to‘g‘ri keladi. Buning ustiga bugun kabinetda o‘tirib ishlab bo‘lmaydi, sektor, mahallabay, xonadonbay degan tushunchalar bor. Mahallada, odamlar orasida bo‘lish kerak. Bu – Prezidentning talabi, bugungi siyosat talabi. Ana shu talabga javob bersa, rahbar elning ishonchini qozonadi, odamlarni ortidan ergashtira oladi. Yo‘qsa, o‘zi jamiyatdan uzilib qolaveradi, mansabdagi “umri” qisqa bo‘ladi.
Afsuski, bunday mas’ullar ham kam emas. Yaqinda viloyat kommunal tashkilotlaridan birining rahbariga uzoq qishloq aholisi u boshchilik qilayotgan idoraga bir necha marta murojaat qilgan bo‘lsa-da muammosi hal bo‘lmayotgani, bu haqda ular bizga ham chiqqani haqida aytdim. “Yaxshi, o‘zim shug‘ullanib, masalani hal qilaman. Faqat menga ertaga bir eslatib yuboring” deydi. Muammo nima uchun hal bo‘lmayotgani sababini anglagandek bo‘ldim. Gap xodimlarda emas, rahbarda ekan. U qanday rahbarki har bir masalani unga kimdir eslatib turishi kerak bo‘lsa. Nahotki, u murojaatlar bilan ishlash tartibini bilmaydi? Masalani daftariga qayd etib, mas’ullarga yo‘naltirmaydimi yoki o‘zi shug‘ullanmaydimi?
O‘n daqiqalardan keyin tuman hokimi aloqaga chiqdi.
– Kecha sayyor qabulda bir ayol oilaviy ahvoli juda og‘irligi, turmush o‘rtog‘i va farzandi nogiron bo‘lib qolganligini aytgandi, – dedi hokim. – Ertaga o‘zim mas’ullar bilan uyingizga borib, sharoitingizni o‘rganamiz, degandim. Bugun ertalab ishni shundan boshladik, oila a’zolaridan hol-ahvol so‘rab, xonadonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur ishlarni belgilab oldik.
Men ham aholi murojaati yuzasidan uni bezovta qilayotganimni bildirib, masalani aytdim. Hokim tegishli o‘rinbosari muammoni o‘rganib, tez orada murojaatchilar va tahririyatga ma’lum qilishini bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida avval murojaatchilar, undan keyin tuman hokimi o‘rinbosari tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, masalaga yechim topilgani va ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Bir hudud aholisining muammosiga tezkor yechim topildi, ularning davlatga ishonchi, rahbarga mehri ortdi. Endi mahallaga borib mamlakatda kechayotgan islohotlar “Inson qadri uchun!” tamoyili asosida amalga oshirilayotgani, aholini kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka o‘rgatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani haqida gapirsangiz, birov kinoyali kulmaydi, gapingizga e’tiroz bildirmaydi.
To‘g‘ri, hamma joyda islohotlar natijasi birdek namoyon bo‘lmayapti. Muammolar bor, odamlarning dardu tashvishi ham kam emas. Rahbarlar, mas’ullar orasida pastga tushib ishlashni, aholini eshitishni og‘rinib bajarayotganlar yo‘q, desak xato bo‘ladi. Bunday holatlarga ham sekin-asta barham berilmoqda. Muhimi, odamlar, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga munosabati o‘zgarib bormoqda, yurt taqdiriga, ertangi kuniga befarq emas. Befarq bo‘lganda ham bundan avvalo o‘zi yutqazyapti.
Kecha Prezidentimizning “ O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi va bu sanani munosib nishonlash bilan bog‘liq vazifalar belgilandi. Bu yilgi bayram tadbirlari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etishi qayd etildi.
Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz. Yaxshilab o‘ylab ko‘ring, takror va takror ayting – oddiy yoki balandparvoz gap emas. Hamma davlatda ham inson, fuqaro, shaxs aziz, qadr-qimmati ulug‘. Har bir davlat shu yurtda yashayotgan insonlar uchun munosib sharoit yaratishga, ularning huquq va erkinliklarini kafolatlash va himoya qilishga mas’ul hisoblanadi. Bu davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Bugun yurtimizda ham inson qadri, aholi manfaati, ijtimoiy davlat, degan tushunchalar tez-tez tilga olinmoqda. Barcha sohalardagi islohot va o‘zgarishlar konsepsiyalarida bu tushunchalar qayd etilmoqda va ularga “balandparvoz” so‘zini tirkashdan tiyilyapmiz. Chunki buning amaliy ifodasini yil sayin o‘zgarib borayotgan hayotimizda, turmush tarzimizda ko‘ryapmiz, his qilyapmiz.
Yaqinda viloyatimizning olis, aholisi tarqoq joylashgan Nurobod tumanidagi mahallalarda o‘ndan ortiq yaqin ob’yekt ochilgani haqida axborot berib, buni islohotlar chekka hududlarda ham bo‘y ko‘rsatayotgani bilan izohlagandik. Kuni kecha mazkur tumanda yana bir qator ob’yektlar ochildi va aholiga xizmat ko‘rsata boshladi. Birgina Sariko‘l mahallasida mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, tibbiy punkt hamda 16-umumta’lim maktabida yangi sportzal foydalanishga topshirildi.
Ha, shunga nima bo‘pti? Qurilgan bo‘lsa davlat pulidan qurilgandir-da, deyishga shoshilmang.
Shu paytgacha mahallada ushbu qulayliklar bo‘lmagani rostmi? Endi shu imkoniyatlar yaratildimi? Bunday mahallalar hali ko‘p yurtimizda, dersiz. To‘g‘ri, bor. Lekin Sariko‘ldagi bunyodkorlik ishlari ertaga boshqa mahallalarda davom etishi ayon-ku. Yurt shu tarzda obod bo‘lyapti, xalq hayoti shu tarzda farovonlashyapti-ku.
– Bu yil mahalladoshlarimiz uchun unutilmas yil bo‘lyapti, – deydi Abduvahob bobo Barotov. – Ayniqsa, keyingi uch oyda juda katta ishlar amalga oshirildi. Mahallamizga bino zarur edi, bolalarimiz ko‘rkam sportzalda mashg‘ulotlarda qatnashishni orzu qilardi, tibbiy xizmatdan shu yerning o‘zida foydalansak, derdik. Mana shu orzu-istaklarimiz bugun ro‘yobga chiqib turganidan xursand bo‘lmay, shukrona aytmay bo‘ladimi?
Yurtimizda odamlar dardu tashvishini o‘z tashvishi deb biladigan rahbarlar ko‘p. Sariko‘l singari obod bo‘layotgan mahallalar ham kam emas. Abduvahob bobo singari tilidan shukrona tushmaydigan millionlab nuroniylarimiz, yurtdoshlarimiz bor. Eng ulug‘, eng aziz bayramimizni “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” degan g‘oya bilan nishonlashga haqli va munosibmiz!
G‘olib Hasanov.