"Yangi Sirdaryo” va “Novaya Sirdarya” gazetalari — 60 yoshda

Qadrli hamkasblar!

Avvalambor barchangizni, qolaversa, nashrlar mushtariylarini ikkala gazetaning birinchi soni chiqqanligining 60 yilligi munosabati bilan chin qalbdan tabriklaymiz.

Gazetalar tarixi, bu – xalq shonli hayotining tarixi. Mirzacho‘lni bog‘u-bo‘stonga aylantirishda mamlakatimiz aholisi ko‘rsatgan katta jasorat, yuksak insoniy fazilatlar ana shu ikki bosma nashr sahifalarida o‘z aksini topgan va bu maqolalar orqali biz ana shu jasoratga bot-bot murojaat qilamiz. Binobarin, o‘tgan 60 yil davomida tahririyatlar bu o‘lkadagi chinakam ma’rifat markaziga aylandi. Bu yerdan ko‘plab taniqli ijodkorlar yetishib chiqdi.

O‘zbekiston xalq shoirlari To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyevalarning otashin she’rlari aynan shu nashrlar orqali ixlosmandlar qalbiga yetib borgan.

Bugunda ham qo‘sh gazeta jamoasi Yangi O‘zbekistondagi shiddatli islohotlar jarayonini yoritishda hozirjavoblik va xalqchil materiallar berishda hamkasblarimizga ibrat ko‘rsatmoqda. Unda xizmat qilayotgan xodimlar imzolarini endilikda respublikada ko‘pchilik taniydi. Bunday ahil, mehnatkash, mahoratli jamoaga bayramlar yarashadi.

Ijodga baraka, azizlar.

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari jamoasi nomidan bosh muharrir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev.