Yangi uylar muborak!
Jumladan, 33 oila Samarqand shahri, o‘ulom Karimov ko‘chasidagi rekonstruksiya qilingan uyga ko‘chib o‘tdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimligi, jamoatchilik vakillari, korxona va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev yangi xonadon sohiblarini tabrikladi.
– Qachonki, inson o‘z uyiga ega bo‘lib, tinch-totuv yashasagina bugungi turmushidan, rahbarlardan rozi bo‘ladi, – dedi hokim. – O‘y-tashvishlari yengillashgan, mushkuliga yechim topgan kishi yangi orzu-umidlar bilan yashaydi, ertangi kunga ishonchi ortadi, kuchi va g‘ayratini el-yurt farovonligiga safarbar etadi.
O‘tayotgan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da viloyat aholisi farovonligini ta’minlash, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 142 nafar kam ta’minlangan va muhtoj oilalar uchun qurilayotgan uy-joylarning boshlang‘ich badal to‘lovlari homiylik hamda boshqa manbalar hisobidan to‘lab berildi. Mingga yaqin imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari, hassa va qo‘ltiqtayoqlar tuhfa qilindi. O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida 2 mingga yaqin namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylar barpo etilib, o‘z egalariga topshirildi.
Samarqand shahrida istiqomat qiladigan yosh oilalar, eskirgan uylarda yashayotgan fuqarolarning turmush darajasi va sifatini yaxshilash maqsadida alohida dastur ishlab chiqilib, 405 xonadonga mo‘ljallangan 9 ta besh qavatli uy qurilib, bitkazildi.
Prezidentimiz g‘oyasi asosida barcha sharoitlarga ega uylar qurilib, foydalanishga topshirilishi yurtdoshlarimiz uchun chinakam tuhfa bo‘ldi. Xonadonlar yashash uchun tayyor ekani, ularda gaz plitasi, oshxona mebeli, isitish moslamalari mavjudligi, barchani quvontiradi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik yangi xonadonga ega bo‘lgan fuqarolarning sevinchga to‘la so‘zlari-yu, ko‘z yoshlarida ham namoyon bo‘ldi.
– Shu davrgacha yashayotgan uyimiz eskirgan, zax bosib, yashash uchun yaroqsiz holatga kelib qolgandi, – deydi I guruh nogironi B.Abdujabborov. – Ikki nafar farzandim, turmush o‘rtog‘imni tom bosib qolishi mumkinligini o‘ylab, tunlari uyqum qochardi. Bugun shinam, zamonaviy shart-sharoitga ega uyga ko‘chib kirganimizdan oilam quvonchda.
Shu kuni viloyatimizning boshqa shahar va tumanlaridagi imkoniyati cheklangan fuqarolarga ana shunday uylarning kaliti tantanali topshirildi. Shuningdek, 40 nafardan ziyod imkoniyati cheklangan fuqarolarga nogironlik aravachalari, yangi yil sovg‘alari ulashildi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov ishtirok etdi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).