Yangi yil haqida qiziqarli ma’lumotlar
Yangi 2020 yil kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Yangi yil – eng orziqib kutiladigan bayram. U qalblarga yangi orzu-umidlar va quvonch bag‘ishlaydi. Ayniqsa, jajji bolajonlar ushbu bayramni itniqib kutadi. Yangi yil haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
1. Yangi yil ilk marta Rim imperatori Gay Yuliy Sezar buyrug‘i bilan 1 yanvar kuni nishonlanadigan bo‘lgan.
2. Qadimiy Turon va Eron davlatlarida Yangi yil 21 mart kuni nishonlangan. Bugungi kunda ushbu sanada barchamiz yaxshi bilgan Navro‘z bayrami nishonlanadi.
3. Xitoyda yangi yil to‘liq bir oy - 21 yanvardan 21 fevralgacha nishonlanadi. Xitoyliklar ham ushbu bayramni tantanalar bilan kutib oladi.
4. Petr I buyrug‘i bilan Rossiyada Yangi yil 1 yanvar kuni nishonlanadigan bo‘lgan. Unga qadar Yangi yil Rossiyada 1 sentyabr kuni nishonlangan.
5. Sobiq ittifoq davrida bolsheviklar tomonidan Yangi yil archasining bezatilishi taqiqlangan. Ushbu taqiq 17 yildan so‘ng bekor qilingan.
6. 1949 yildan buyon 1 yanvar sanasi rasman dam olish kuni hisoblanadi.
7. Yangi yil oqshomida italiyaliklarda barcha eski buyumlarni derazadan uloqtirish an’anasi hozirgi kungacha saqlanib qolmoqda.
8. Yangi yil arafasida yoshi kattalar va yosh bolalar Qorboboga (Yevropa va AQShda Santa Klausga) xat yozadilar. Statistikaga ko‘ra, yosh bolalar tomonidan eng ko‘p so‘ralgan sovg‘a – bu kompyuter ekan. Yoshi kattalar eng ko‘p so‘ragan sovg‘a - bu rahbarlarining muzlatib qo‘yilishidir.
9. Dunyodagi eng o‘lkan Yangi yil archasi Meksika poytaxti Mexikoda 2009 yilda o‘rnatilgan. Uning uzunligi 110 metr 35 santimetr bo‘lgan.
10. Qorbobo dastlab Yangi yil bayramining yagona qahramoni bo‘lgan. Biroq 1873 yilda Aleksandr Ostrovskiy tomonidan yozilgan “Snegurochka” (Qorqiz) asaridan so‘ng Qorqiz ham yangi yil qahramoniga aylangan. Qorqiz dastlab Qorboboning qizi bo‘lgan. Keyinchalik nabirasiga aylangan.
11. Qorqiz ham 1927 yildan 1937 yilgacha bo‘lgan davrda bir muddat sobiq ittifoq hukumati taqiqida bo‘lgan. Faqatgina 1950 yillar o‘rtalariga kelib, Qorqiz to‘liq “oqlangan”.
12. Bir qator MDH davlatlarida 18 noyabr kuni Qorboboning rasmiy tug‘ilgan kuni sifatida nishonlanadi.
13. Sovuq iqlim kuzatilmaydigan ayrim mamlakatlarda Qorboboning o‘rniga boshqa sehrli qahramon mavjud. Masalan, Kambodjada Yangi yilda Qorboboning o‘rniga Issiqbobo (yoki Jazirama) uylarga mehmon bo‘lib keladi.
14. G‘arb mamlakatlari Qorbobosi – Santa Klausning rafiqasi ham bor. Odatda u Santaga ko‘makchi vazifasini bajaradi.
15. Eski Yangi yil bayramini nishonlash faqatgina MDH davlatlarida ommalashgan.
Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.