Yangilangan saylov qonunchiligi: Endi vakillar shu asosda saylanadi

Jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarida keng ko‘lamli o‘zgarishlar kuzatilyapti. Xususan, o‘tgan yili referendum orqali Asosiy qonun yangilandi.

Aslida bu ishning parlament palatalari orqali qilish ham mumkin edi. Ammo tanlangan yo‘l orqali butun xalqning xohish-irodasi inobatga olindi, Konstitutsiyaning yangi tahririni ishlab chiqishda odamlar bildirgan 100 minglab takliflar inobatga olindi.

Huquqiy o‘zgarishlar shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q, galdagi vazifa Bosh qomusda belgilangan tamoyillarni amalda tatbiq etishdan iborat. Bu borada tegishli qonun va qonunosti hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Misol uchun, 2023 yil 18 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonun bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Ikkita byulletenni to‘ldirasiz

Odatda saylovga borganda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi uchun bitta byulletenda o‘zimiz tanlagan nomzodni belgilaganmiz. Yuqorida qayd qilingan qonun bilan quyi palata saylovi aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazilishi belgilandi. Shu bois, endi 75 ta saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratiladi. Ya’ni, bitta byulletenga o‘zingiz tanlagan nomzodga, ikkinchisida partiyaga ovoz berasiz.

Darvoqe, yagona okrug bo‘yicha saylanadigan deputatlikka nomzodlar partiyalar taqdim qilgan ro‘yxatdan olinadi. Ya’ni, olgan ovoziga qarab partiya nomzodlari deputatlikka tavsiya etiladi.

Savol tug‘ilishi tabiiy, ro‘yxatga bizga ochiqlanmaydimi? Qonundagi yana bir yangilik ham shunda, partiyalar Markaziy saylov komissiyasiga 75 ta o‘rin uchun 100 nafargacha nomzodlar ro‘yxatini taqdim etadi. Bunda har besh nafardan, albatta, 2 kishi xotin-qizlardan bo‘lishi shart.

 

Hududlar bo‘yicha ham o‘zgarishlar ko‘p

Asosiy o‘zgartish shundaki, saylov komissiyalari tizimi takomillashtiriladi. Endi parlament saylovi uchun boshqa, referendum uchun yana bitta, Prezident sayloviga navbatdagi komissiya tuzilmaydi. Viloyatda bular uchun hududiy saylov komissiyasi, joylarda tuman va shahar saylov komissiyalari mas’ul bo‘ladi.

Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuziladi.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, Asosiy qonunga ko‘ra, saylovlar oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi 1 yakshanbasida o‘tkazilishi belgilangan. Bu esa o‘tib borayotgan vaqt bizni katta siyosiy jarayonga tobora yaqinlashtirayotganini ko‘rsatmoqda.

Muhim raqamlar

Seminarda ta’kidlanganidek, endi viloyat Kengashlarida qat’iy 60 nafar, shahar va tumanlarda 30 nafar deputat bo‘lmaydi. Yangi tartib bo‘yicha aholi soni 30 minggacha bo‘lgan shahar va tuman Kengashlariga 10 nafardan 15 nafargacha xalq noiblari saylanadi. 30 mingdan 100 minggacha nufusga ega hududda ularning soni 15 dan 20 nafargacha etib belgilanmoqda. Kengashda 25-30 nafar deputat 300 mingdan ko‘p odam yashaydigan shahar yoki tumanda bo‘ladi.

Viloyat Kengashlarida ham xalq noiblari soni 30-40 nafar bo‘lishi ham mumkin. Agar aholi soni 2 milliongacha bo‘lsa, shunday norma qo‘llaniladi. 3 milliongacha bo‘lganda 40 tadan 50 tagacha deputat saylanadi. Nufus 3 milliondan oshganda ularning soni 60 nafargacha bo‘lishi belgilanmoqda.

Shahar yoki tuman, viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlar parlament quyi palatasiga nomzod bo‘lolmaydi.

Seminar davomida qonunchilikdagi shu kabi o‘zgartishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Ularning ahamiyati haqida so‘z yuritilib, oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.