Yaponiyaliklar o‘zbek milliy taomlari haqida kitob tayyorlaydi
Yaponiyalik Morii Kana va mahoratli suratkash Xiroko Xirota O‘zbekistonga keldi. Ular o‘zbek milliy taomlari to‘g‘risida kitob chop etishni rejalashtirishgan. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Mehmonlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning har bir hududida tayyorlanadigan bir-biridan mazali taomlari bilan tanishtirildi. Tashrif davomida yaponiyalik mehmonlar yurtimizning Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlarida bo‘lib, O‘zbekistonning gastronomik turizm salohiyati bilan tanishdi.
Morii Kana o‘zbek taomlari haqida shunday deydi: “O‘zbekistonda tayyorlanadigan taomlar va shirinliklar turfa xil va mazalidir. O‘zbek taomlarida xalqingizning mehmondo‘st ekanligi yaqqol aks etadi. Shuningdek, o‘zbek taomlarida ishlatiladigan har bir mahsulot inson salomatligini yaxshilashga qaratilganligi bilan e’tiborga molik. Milliy taomlaringiz nafaqat o‘zbek xalqining oshxonasi, balki O‘zbekistonning yuksak madaniyati, urf-odati va qadimiy tarixini ham ifodalaydi”.
Morii Kananing aytishicha, kitob muallifi yapon xalqini O‘zbekiston bilan yanada yaqindan tanishtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Mazkur kitobning taqdimoti, shuningdek, suratkash Xiroko Xirotaning O‘zbekistonga bag‘ishlangan fotogalereyasi kelgusi yilning aprel oyida o‘tkaziladi.