Yaqin kelajakda insoniyatga suv tanqisligi tahdid solmoqda

Agar global isish jarayonlari davom etib, insoniyat ekologiyaga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmasa, yaqin yillar ichida toza suv tanqisligi global muammoga aylanadi. 
Markaziy Osiyo mintaqasidagi Ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali respublika "Suvchi" birlashmasi bilan birgalikda "O‘zbekistonda suv va atrof-muhit masalalari bo‘yicha xabardorlikni oshirish va hamkorlikni rivojlantirish" loyihasi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida ana shunday o‘tkir muammo haqida fikr bildirildi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 1990 yilgacha turli maqsadlar uchun ishlatilayotgan suv 64 milliard kubni tashkil etgan, 2008 yildan so‘ng bu ko‘rsatkich 51 milliardgacha qisqargan. 1985 yilgacha 1 gektar maydonni sug‘orish uchun 22,4 ming metr kub suv sarflangan bo‘lsa, zamonaviy tejamkor texnologiyalardan foydalanish tufayli 2015 yilga kelib bu miqdor 6-10 ming metr kubgacha qisqardi. 

– Bugungi tadbirimiz ham insoniyatning suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish, global isish natijasida yuzaga keladigan suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish va suv isrofini kamaytirishga qaratilgan, – deydi "Suvchi" birlashmasi mutaxassisi Alimardon Xo‘jaqulov. – Mamlakatimizda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanishi xalqaro me’yorlarga mos keladi, biroq bu suv o‘zanlariga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lish kerakligini anglatmaydi. Yer yuzida chuchuk suv zaxiralari tobora qisqarib borayotgan bir paytda respublikamizni suv bilan ta’minlab turgan Amudaryo va Sirdaryoda ham yaqin yillarda suv miqdori 10-13 foizgacha kamayishi mumkin. Afsuski, ko‘plab odamlar bu muammodan bexabar holda toza ichimlik suvi va dehqonchilikda ishlatiladigan suvga beparvo munosabatda bo‘lib, o‘zanlarni chiqindi bilan ifloslantirmoqda. 
Shuningdek, tadbirda mutaxassislar iqlim o‘zgarishi oqibatlari, bir necha ming yillik muzliklarning erib borayotgani, asrimiz o‘rtalarida suv tanqisligining yuzaga kelishi va insoniyatning suvga bo‘lgan talabi ortishi borasidagi ma’lumotlarni bayon etdi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.