Yaqin Sharqda mintaqaviy urush tahdidi kuchayayotgani aytilmoqda
Isroil nazorati ostidagi Jo‘lan tepaliklaridagi futbol maydoniga Livandan qilingan raketa hujumi ortidan Isroil "Hizbulloh" manzillariga javob zarbasi berdi.
Isroil razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Livandagi “Hizbulloh” guruhi zarba uchun mas’ul va javob choralari va’da qilinmoqda.
"Hizbulloh" bir necha oyki, Isroil harbiylarining Falastindagi o‘n minglab bolalar va ayollar o‘limiga sabab bo‘layotgan hujumlarini to‘xtatishni talab qilib kelayotgandi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu, shuningdek, "Hizbulloh" zarba uchun "katta narx" to‘lashini va Isroilga qaytish va xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishiga raislik qilish uchun AQShga safarini qisqartirishini ma’lum qilgan.
Xavfsizlik kengashi Netanyahu hukumatiga harbiy javobning "tarzi va vaqti" to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqini berdi.
Bir kechada Isroil harbiylari Livandagi bir qator nishonlarga zarba berganini aytdi, biroq vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.
Livan tashqi ishlar vaziri Abdulloh Bu Habib yakshanba kuni hukumat Vashingtondan vaziyatni tinchlantirish uchun Isroilni vazminlikka undashni so‘raganini aytdi.
Oktyabr oyi boshidan beri Isroilning Livandagi havo hujumlarida 500 dan ortiq odam, asosan, "Hizbulloh" a’zolari, shuningdek, 90 ga yaqin tinch aholi halok bo‘lgan. Isroil tomonida esa 22 nafar askar va 24 nafar tinch aholi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Ayni vaqtda ko‘plab ekspertlar mintaqada "Hizbulloh" va Isroil o‘rtasida yangi keng ko‘lamdagi urush ehtimolidan ogohlantirmoqda.