Yaqin yillarda yo‘q bo‘lib ketadigan 5 ta diqqatga sazovor joylar

Ommaviy axborot vositalari va sayyohlik agentliklari ahyon-ahyonda Venetsiya yaqin orada suv ostida qolib ketishini eslatib turadi. "Yaqin orada" deganda ular 100-200 yilni nazarda tutadi, biroq imkon qadar tezroq dunyoning bunday diqqatga sazovor joyiga tashrif buyurishni tavsiya qiladilar. Biz, albatta, bunga ishonamiz va sayyoramizning noyob burchaklarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishni orzu qilamiz.

Ushbu maqola doirasida biz tez orada butunlay yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan diqqatga sazovor osori-atiqalarga to‘xtalishni taklif qilamiz.

Maldiv orollari okeanga cho‘kmoqda

O‘zining qordek oppoq qumi, moviy okeani, osoyishtaligi va uzoqda joylashuvi uchun qadrlanadigan kurort tobora suv ostida qolmoqda. Endilikda orollarning eng baland nuqtasi dengiz sathidan bor-yo‘g‘i ikki yarim metr balandlikda ko‘rinib turadi, qirg‘oqlar esa okeanga botib bormoqda. Rasmiylar suv toshqini bilan qanday kurashish yo‘lini izlayotgan bir paytda epchil ishbilarmonlar allaqachon suv ostida mehmonxonalar qurish g‘oyasini o‘ylab topishdi.

 Toj Mahal. Poydevordagi jiddiy muammolar

Noyob saroy dunyoning zamonaviy mo‘’jizalaridan biri hisoblanadi: dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar tashrif buyuradigan paxtadek oppoq imorat nafaqat ta’sirchan, balki hayratlanarlidir.

Lekin so‘nggi yillarda Toj Mahal sarg‘ayishni boshlagan va me’morlarning fikricha, uning yog‘och poydevori sayyohlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Oliy sud bino tartibga keltirilmasa, uni buzish bilan tahdid qilgan. Venetsiya yoki Maldiv orollaridan farqli o‘laroq, bu yaqin yillarda sodir bo‘lishi mumkin.

 O‘lik dengiz Iordan daryosi tufayli qurib bormoqda

Qirg‘og‘ida bemalol yotib olish mumkin bo‘lgan to‘lqinlar, oppoq tuz va noyob shifobaxsh xususiyatlari - har yili o‘n minglab sayyohlar davo olish uchun O‘lik dengizga boradilar. Muammo shundaki, suv omborini oziqlantiradigan Iordan daryosi juda tez sur’atlarda qurib bormoqda, shu bilan birga O‘lik dengizdagi suv sathi ham yiliga deyarli bir metrga pasayyapti. Tez orada u juda sho‘r ko‘lga aylanishi mumkin va ko‘lami hayratga qoldirishda to‘xtaydi.

Kilimanjaroning qorli tepasi dahshatli tezlikda erimoqda

Ekvatordan bir necha kilometr uzoqlikdagi issiqlik va oq muzliklarning noyob birikmasi Kilimanjaro tog‘i cho‘qqisini dunyodagi eng hayratlanarli joylardan biriga aylantirdi. Albatta, tog‘ hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi, lekin uning yon bag‘irlaridagi qor dahshatli tezlikda eriy boshlagan: qor ko‘rpaning taxminan 85 foizi allaqachon bug‘langan. 15 yildan keyin bugungi ajoyib manzarani kuzatishning iloji bo‘lmaydi.

Buyuk Xitoy devori qisqarib bormoqda

Ushbu inshootning uzunligi shunchalik kattaki, hech kim uzoq vaqt davomida devor asta-sekin qisqarib qolganiga e’tibor bermagan. Ayni paytda, qadimiy to‘siqning uchdan bir qismi allaqachon g‘oyib bo‘lgan. Ba’zi hududlar vaqt o‘tishi bilan eskirdi, boshqalari esa g‘ishtlarini sayyohlarga bir necha dollardan sotish uchun mahalliy aholi tomonidan talon-toroj qilingan.

***

Afsuski, sayyoramizdan nafaqat tarixiy obidalar, go‘zal maskanlar, balki butun hayvon turlari, hatto ba’zi xalqlarning tillari ham yo‘qolib bormoqda. Yaqinda XXI asrning oxiriga kelib, insoniyat bugungi kunda mavjud bo‘lgan tillarning taxminan 30 foizini yo‘qotishi ma’lum bo‘ldi. Bu nimaga olib kelishini hayot ko‘rsatadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.