«Yashil energiya»dan kim, qanday foydalanyapti?
Qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bo‘lgan talabimiz kundan kunga ortib boryapti. Ayniqsa, quyosh batareyalari chiroq tez-tez o‘chib turganida odatdagidek hayot kechirish imkonini beryapti. Biroq hamma joyda ham «yashil energiya»dan foydalanilyapti, deb bo‘lmaydi.
Xo‘sh, Samarqand tumanida «Yashil energiya» manbalarini o‘rnatish borasida nima ishlar qilinmoqda? «Quyoshli xonadon» dasturi bo‘yicha aholi xonadonlariga quvvati 50 kVt.gacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish rejalari nega bajarilmay qoldi?
- O‘tgan yili Prezidentimizning «2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, quyosh panelini o‘rnatganlarga subsidiya va soliq imtiyozlari berilishi, tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi, - deydi tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi boshlig‘i Javohir Xo‘jayev. – Chunki yuqori quvvatda ishlovchi quyosh panellari bilan artezian quduqlaridan suv tortish imkoni bor. Biroq o‘tgan yili tumanimiz tadbirkorlari tomonidan 2,3 MVt o‘rniga 1,18 MVt quvvatli 81 ta panel o‘rnatilib, bu boradagi rejalarning yarmi amalga oshirilmadi.
Tuman hokimligi rejasiga asosan, hozirgacha 312 ta aholi xonadoniga muqobil elektr manbai o‘rnatilgan. O‘tgan uch oy ichida Dehnav, Gulobod, Ohalik, Parrandachilik, Chumchuqli, O‘zbekkenti, Andijoni mahallalarida 74 nafar fuqaro o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatdi.
Gulobod mahallasida 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hokimlik rejasiga ko‘ra, o‘tgan yili 30 ta xonadonga quyosh paneli o‘rnatilishi kerak edi. Biroq amalda bu ish 21 foizga bajarildi.
- Mahallamizdagi aholi xonadonlariga muqobil energiya manbalari o‘rnatish bo‘yicha targ‘ibot olib boryapmiz, - deydi Gulobod mahallasi raisi Saodat G‘aniyeva. – Xonadon egalariga muqobil elektr manbalarining afzalligi, kamxarajatligi va boshqa qulayliklari haqida tushuntiryapmiz. Imkoni bo‘lganlar o‘rnatib olyapti, ayrimlariga homiy jalb qilyapmiz. O‘ndan ziyod tadbirkor o‘z korxonalariga energiya tejovchi uskunalar o‘rnatdi. O‘tgan yili 5 ta xonadonda 4,5 kVt.li quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 20 dan oshdi. O‘zim ham uyimga o‘rnatganman.
Mahalla yaqinida muqobil energiya manbalari bilan savdo qiladigan qator do‘konlar faoliyat yuritadi. Joriy yilning 1 mayidan boshlab elektr energiyasi iste’moli narxlari oshishi haqidagi xabarlar tarqalishi bilan ularga bo‘lgan talab ham oshib ketgan. Hozirning o‘zidayoq 50 dan ziyod fuqaro energiya tejovchi uskunalarga buyurtma bergan.
«Tolli bobo» qurilish korxonasi tomonidan mahalla hududida 2 ta 9 qavatli uy-joy qurilmoqda. Bu uylar ham o‘z egalariga topshirilishidan oldin quyosh panellari va kollektorlari o‘rnatiladi.
Biroq tumandagi Yangiobod, Pulimug‘ob, Saxovat mahallalarida hali bu ishga qo‘l urilmagan bo‘lsa, Chaman, Talibarzui bolo, Xishrav, Buxoriy, Do‘stlik mahallalarida 10 foizga ham yetgani yo‘q. Bu ko‘rsatkich tuman bo‘yicha 32 foizni tashkil etmoqda.
- Aholi o‘rtasida «yashil energiya» texnologiyalari asosida bino va inshootlarni elektr energiyasi va issiqlik bilan ta’minlashga bo‘lgan qiziqishi oshib bormoqda, - deydi J.Xo‘jayev. - Bunday qurilmalar yurtimizda ham korxonalar tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Quyosh batareyalarini sotib olayotganda, fuqarolar xonadon yoki uyning hajmini, ya’ni xonalar soni, oshxona, balkon, yo‘laklarni ham hisobga olgan holda ularning quvvati bo‘yicha tanlashi kerak.
Mutaxassislarning fikricha, eng arzon quyosh panellari 150 Vt quvvatga ega bo‘lib, ulardan 5-6 xonani yoritish va bitta televizor ishlashi uchun foydalanish mumkin. Agar ikkita televizor, bitta muzlatkich va ko‘proq xonalarni elektr energiyasi bilan ta’minlash zarur bo‘lsa, kamida 2 kVt quvvatga ega quyosh paneli kerak bo‘ladi. Agar konditsionerdan foydalanilsa, 3 kVt quvvatga ega panel olish zarur.
Dilmurod TO‘XTAYeV.