Yashil iqtisodiyot - barqaror rivojlanish asosi

Yoqilg‘i manbalariga qaramlik mamlakatning energetika xavfsizligini zaiflashtiradi. Muammoning yechimi sifatida esa yashil iqtisodiyotga o‘tish, bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga (quyosh, shamol, geotermal) sarmoyani oshirish va texnologiyalarni import qilishni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish lozim.
Yashil iqtisodiyot – insonning resurslarga nisbatan mas’uliyatli munosabatini nazarda tutuvchi iqtisodiy rivojlanish modeli. U iqtisodiy o‘sish va tabiiy boyliklarni saqlab qolish o‘rtasidagi oqilona murosani topishga qaratilgan.
Bugun yer osti va yer usti boyliklari ayovsiz sarflanadigan bo‘lsa, yaqin kelajakda katta muammolar yuzaga kelishi turgan gap. Bugungi kunga kelib O‘zbekiston mintaqadagi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim qadamlarni tashlamoqda. Samarqand iqlim forumi esa O‘zbekistonga bir qator afzalliklar taqdim etdi. Xususan, forum O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro ekologik masalalarda yetakchi davlat ekanini ko‘rsatdi. Bu esa butun dunyo davlatlari, ekologik tashkilotlar, shuningdek, tashqi investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchini oshiradi.
Bugungi kunda iqlim o‘zgarishining global miqyosdagi salbiy ta’siri barqaror rivojlanishga jiddiy to‘siq bo‘layotgani hech kimga sir emas. Bu borada xalqaro hamjamiyat yashil iqtisodiyot konsepsiyasiga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Yashil iqtisodiyot atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda kelajak avlodlar manfaatini inobatga olgan holda barqaror taraqqiyotga erishish tamoyillariga asoslanadi.
Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlar iqlim o‘zgarishidan jiddiy jabr ko‘rmoqda. Yaylovlar qurib borayotgani, suv resurslarining tobora kamayib, tanqis bo‘layotgani va chang bo‘ronlari bu muammolarning aniq misollari hisoblanadi. Jumladan, energiya sohasidagi qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramlik muammosi ham dolzarbligi bilan iqlim muammolarini keltirib chiqarmoqda. O‘zbekistonning energiya sektori hali ham ko‘p jihatdan tabiiy gaz va neftga tayanadi. Bu esa karbonad angidrid ajralishiga, iqlim o‘zgarishining yanada kuchayishiga olib kelmoqda.
Yoqilg‘i manbalariga qaramlik mamlakatning energetika xavfsizligini zaiflashtiradi. Muammoning yechimi sifatida esa yashil iqtisodiyotga o‘tishning birinchi bosqichi sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalariga (quyosh, shamol, geotermal) sarmoyani oshirish va texnologiyalarni import qilishni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish lozim. Shuningdek, energiya samaradorligini oshirish uchun “Yashil mahalla” loyihalari orqali uylar va kichik biznes ob’yektlarini quyosh panellari bilan ta’minlash lozim.
Suv tanqisligi va qishloq xo‘jaligida isrofgarchilik ham muhim muammolardan hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi tufayli O‘zbekistonning ko‘pgina hududlarida suv resurslari kamaymoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi usullari hali ham an’anaviy bo‘lib, bu yer osti suvlarini haddan tashqari ishlatish va ekinlarni ortiqcha sug‘orish bilan bog‘liq. Muammoning oldini olish uchun esa suvni tejashning innovatsion texnologiyalarini qo‘llash, ayniqsa, tomchilatib sug‘orish tizimini kengaytirish zarur. Buning uchun hukumat qishloq xo‘jaligiga subsidiyalarni ko‘paytirib, ekologik agrobiznesni rivojlantirishi kerak.
Ekologik savodxonlikning pastligi ham kishilarda atrof-muhitni asrashga befarqlik va chiqindilarni qayta ishlashga qiziqishning kamligiga olib kelmoqda. Bunday dolzarb muammoga yechim sifatida yoshlarni ekologik ta’limga jalb qilish va ularni hududlar bo‘ylab ekologik loyihalarda faol ishtirok etishga rag‘batlantirish lozim. Shuningdek, maktab va oliy ta’lim muassasalarida “Yashil darslar” tizimi va ekotadbirlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sanoat korxonalari chiqindilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tabiatga tashlashni davom ettirilmoqda. Bu esa nafaqat ekologik, balki salomatlikka ham jiddiy tahdid solmoqda. Tahdid xavfini kamaytirish uchun sanoat korxonalarida ekologik monitoringni kuchaytirish, ekologik audit o‘tkazish, chiqindilarni kamaytirish va to‘liq qayta ishlash tizimini joriy etish zarur. Yashil iqtisodiyotga o‘tish uchun maxsus moliyaviy vositalar va sarmoyalar yo‘qligi sababli ekologik loyihalar moliyalashtirilmaydi yoki to‘liq amalga oshirilmaydi. Bu muammoni bartaraf etish uchun yashil moliyaviy vositalarni joriy qilish, masalan, “Yashil bank”lar yaratish va yashil obligatsiyalar bo‘yicha maxsus bozorlar tashkil etish kerak. Bu yashil loyihalarni moliyalashtirishni osonlashtiradi va sarmoyalarni jalb qiladi.
Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro iqlim forumida iqlim isishi ko‘rsatkichi har yili 2 barobar yuqorilab, suv zaxiralari kamayib borayotganligi, abadiy muzliklar qisqarib ketayotgani, tuproq zaiflashib, hosildorlik pasayib borishi kabi muammolar ham muhokama etildi. Muhokamaning asosiy mavzularidan biri global miqyosdagi ekologik halokatning yaqqol namunasi bo‘lgan Orol dengizi inqirozi edi. Mutaxassislar va hukumat vakillari zarar ko‘rgan hududlarda yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha barcha yechimlarni ko‘rib chiqdi.
Samarqand forumining yakuniy hujjati – “Yashil” rivojlanishning Mintaqaviy konsepsiyasi iqlim o‘zgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona mintaqaviy qarashlarini shakllantirishga asos soladi. Ushbu konsepsiyani Braziliyada bo‘lib o‘tadigan COP-28 doirasida tasdiqlash uchun tegishli choralar ko‘rishga kelishildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston 2023 yilda COP-28da rasman ishga tushirilgan sanoat dekarbonizatsiyasi va global darajada jamoaviy harakatni kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiluvchi, yuqori iqlim ambitsiyalariga ega 43 mamlakatning ixtiyoriy koalitsiyasi hisoblangan Climate Clubga a’zo bo‘ldi. Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlimga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish sohasida aniq harakatlar va tadbirlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga xizmat qiladi. Maqsad O‘zbekistonning ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror, iqlim sharoitiga chidamli va emissiyasi kam bo‘lgan rivojlanishiga hissa qo‘shish va turli xalqaro konvensiyalar, shartnomalar shartlarini bajarishda qo‘llab-quvvatlashdir.
Qolaversa, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Qirg‘iziston Tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vazirligi o‘rtasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida ((Green University) kadrlar tayyorlash uchun kvota ajratish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston talabalariga 9 tagacha kvota o‘rinlari ajratiladi (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 5 tagacha, magistratura ta’lim yo‘nalishlari uchun 4 tagacha). Memorandumdan maqsad mintaqaviy hamkorlik va barqaror rivojlanish, atrof-muhitni o‘rganish va iqlim o‘zgarishi sohasida salohiyatli kadrlar sonini oshirishdan iborat.
BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNICYeF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida strategik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi tuzildi. Unga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va salbiy oqibatlari ta’sirini yumshatish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va bolalar uchun muhim xizmatlarning inklyuziv, barqaror va ekologik xavflarga tayyor bo‘lishini ta’minlash yo‘li bilan bolalar va yoshlarning chidamliligini mustahkamlash sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlantiriladi. Shuningdek, dolzarb ekologik masalalarda bolalar ishtiroki kengaytiriladi va ularning salomatligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylantiriladi.
Bahora Boliyeva,
Samarqand davlat universiteti talabasi.