Samarqandni «Yashil shahar»ga aylantirish rejalashtirilyapti
Samarqand 2021 yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining qiymati 3 milliard yevroni tashkil qiluvchi «Yashil shahar» dasturiga qo‘shilish orqali O‘zbekistondagi barqaror rivojlanishni takomillashtiradigan birinchi shaharga aylandi.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan mazkur loyiha viloyat hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Dunyoning Olma-ota, Dushanbe, Bishkek, Ganj kabi 50 dan ortiq shahri ishtirok etayotgan «Yashil shahar» loyihasini amalga oshirishdan maqsad mazkur shaharlardagi ekologiya va atrof-muhit muammolarini bartaraf etish uchun xorijiy sarmoya kiritish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etishdan iborat.
Mazkur loyiha konsepsiyasi o‘tgan hafta viloyat va Samarqand shahar hokimligining Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki boshqaruvchi direktori Jujjana Xargitay boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokidagi uchrashuvda taqdim etildi.
Imzolangan memorandum doirasida Samarqand shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya, yo‘l-transport tizimini yaxshilashni o‘z ichiga olgan loyihaning chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, shaharda YeTTB mablag‘lari hisobidan yoritish tizimlari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi. Yaqin 15 yilga mo‘ljallangan ushbu harakatlar rejasi xalqaro va mahalliy maslahatchilar guruhi tomonidan asosiy ekologik va atrof-muhit muammolarini tahlil qilish va baholash natijalari asosida tayyorlangan.
Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki yashil iqtisodiyot dasturlarini moliyalashtirish uchun 5 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratgan. Mazkur dastur Samarqand shahrining strategik maqsadlari, ekologik muammolarini hal etish, sarmoya jalb etish chora-tadbirlarini belgilashga xizmat qiladi.
- «Yashil shahar» loyihasiga Samarqand ham tanlab olingani xalqaro turizm markaziga aylanishi kutilayotgan shahrimiz uchun ayni muddao bo‘ldi, - deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov. - Ushbu dastur bo‘yicha Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 350 dona elektrobus olib kelish rejalashtirilgan. Hozirda 100 dona elektrobus xarid qilish yuzasidan xalqaro tender jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilning may oyida dastlabki 6 ta elektrobus shahrimizga olib kelinib, sinov tariqasida asosiy yo‘nalishlarga chiqariladi. Shuningdek, Qozog‘iston, Rossiya va Turkiya davlatlaridan kelgan mutaxassislar shahrimiz ko‘chalarini o‘rganib, yo‘l infratuzilmasi va landshafti, svetofor, videokamera, bankomat va bekatlar joylashuvi hamda dizayni kabi masalalarda yaqindan yordam berishmoqda.
Mazkur loyihalarni amalga oshirishda samarqandliklarning fikrlari inobatga olinadi. Buning uchun fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlik qilish maqsadida ular o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, Samarqand shahrini eng chiroyli va yashil maskanga aylantirish uchun nima qilish zarurligi haqidagi tavsiya va g‘oyalar berishlari taklif qilinadi. Onlayn so‘rovnoma joriy yilning aprel oyida o‘tkaziladi, may oyida esa soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari uchun seminar tashkil etiladi.
- Loyiha doirasida shahrimizni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bog‘ va xiyobonlar yaratish maqsadida katta mablag‘ ajratish rejalashtirilgan, - deydi Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yunus Bobonazarov. - Shuningdek, bir qator mahallalarni kesib o‘tgan ariq va kollektorlar ta’mirlanib, yuzlab xonadonlar oqova tarmoqlariga ulanadi. Shuningdek, markaziy yo‘l va ko‘chalarning o‘rtasida gulzor tashkil etilib, xorijdan keltirilgan mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi. Ko‘cha chiroqlarini elektr tarmoqlaridan ajratib, quyosh panellariga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mutaxassislarimiz bilan loyiha uchun takliflarni o‘rganib chiqyapmiz.
Bir necha bosqichda amalga oshiriladigan loyiha ishlari «AYeCOM» (AQSh) kompaniyasi rahbarligidagi bir guruh xalqaro va mahalliy mutaxassislar tomonidan shaharning barcha ekologik muammolari o‘rganib chiqilgach, boshlanadi.
Dilmurod To‘xtayev.