Xitoy O‘zbekistonda "yashil" energiya ishlab chiqarishda ishtirok etadi
O‘zbekistonning Guanchjoudagi bosh konsuli Otabek Valiyev Xitoyning Dalyan xalqaro biznes uyushmasi rahbari Mou Ige bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Uchrashuvda Dalyan xalqaro biznes uyushmasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, uyushma a’zolari bo‘lgan kompaniyalarni O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida Xitoy tomoni bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari bilan birgalikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Xususan, Dalyan xalqaro biznes uyushmasi rahbari Mou Igening so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni Dalyan va Samarqand shaharlari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish taklifini bildirmoqda.
Uchrashuv yakunida Xitoy hamda O‘zbekiston quyosh va shamol energiyasini qayta ishlash orqali "yashil" energiya ishlab chiqarish va uyushma tarkibidagi ushbu yo‘nalishda faoliyat olib boruvchi kompaniyalarni mamlakatga jalb etish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi. Shuningdek, Dalyan xalqaro biznes uyushmasi rahbariyati va a’zolari mamlakatda yaratilgan sarmoyaviy muhit bilan bevosita tanishish maqsadida biznes missiya bilan O‘zbekistonga borishga taklif etildi.
Ma’lumot uchun: Dalyan xalqaro biznes uyushmasi 120 dan ortiq IT, infratuzilma, loyihalashtirish, qurilish industriyasi, quyosh va shamol energiyasi jihozlari ishlab chiqaruvchi hamda xalqaro savdo kompaniyalarini o‘z atrofiga birlashtirgan.