«Yashil» va muqobil energetika mamlakat iqtisodiyoti barqarorligining muhim tayanchi

Iqtisodiyotni «yashillashtirish», yildan-yilga muttasil o‘sib borayotgan energiyaga bo‘lgan ehtiyojni «yashil» energiya va boshqa muqobil turlariga o‘tish asosida qondirish, tobora global tus olayotgan iqlim o‘zgarishining oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish hamda unga moslashish yo‘lida muhim qadam ekani jahon hamjamiyati tomonidan aytilmoqda. Butun dunyoda boshlangan bu sa’y-harakatlarga O‘zbekiston ham faol qo‘shilmoqda.

«Yashil» iqtisodiyotga o‘tishning ilk qadami energetika sohasini, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hisoblanadi. Bu esa, tabiiy resurlardan oqilona foydalanish, ularni tejash bilan birgalikda ekologik muvozanat barqarorligini ham ta’minlaydi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi 2024-2029 yillarga mo‘’jallangan saylovoldi dasturida elektr energetikasi sohasini «yashillashtirish» borasida aniq tashabbus va takliflarni taqdim etdi.

Birinchidan, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonida aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini xavfsiz va barqaror energiya bilan ta’minlash.

Bugungi kunda energetika tarmog‘idagi ko‘plab asosiy va taqsimlovchi tarmoq podstansiyalari va transformator stansiyalari ma’nan eskirgani va tizimda yangilanishlar jarayoni nisbatan sust borayotgani oqibatida sohada texnologik yo‘qotishlar yuqoriligicha qolmoqda. Misol uchun, mavjud magistral tarmoqlarda elektr energiyasining texnologik yo‘qotishlari o‘rtacha 2,7 foizdan, taqsimlovchi tarmoqlarda 12,4 foizdan ortiqni tashkil etib, bu xorijiy mamlakatlardagi ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasi saylovoldi dasturida sanoatda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali energiya sarfini 50 foizga qisqartirish, 2030 yilgacha energiya balansida ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini kamida ikki karra oshirishni maqsad qilgan.

Energetik barqarorlikni ta’minlash uchun sohaning huquqiy bazasini yanada takomillashtirish zarur deb hisoblaymiz.

Endigi muhim vazifa – bu ne’matni qadrlab, tejab, o‘z o‘rnida foydalanish.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi mamlakatimizda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash doirasidagi asosiy vazifalar quyidagilardan iborat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi:

birinchi – respublikaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini, energoresurslar importiga bog‘liq bo‘lmagan holatda, ichki elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlari hisobiga qoplash va bu orqali energetik xavfsizlikni ta’minlash;

ikkinchi – iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish bilan paralel ravishda uning energiya sarfini kamaytirish, shu jumladan, iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan oqilona foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlarni joriy etish;

uchinchi – ortib borayotgan talabni qondirish maqsadida elektr energiyasini ishlab chiqarishda, yetkazib berish va taqsimlashda energiya yo‘qotishlarini kamaytirish orqali samaradorlikni oshirish;

to‘rtinchi – elektr uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash va ishlab chiqarish hamda elektr tarmoqlari quvvat zaxirasini ko‘paytirish hisobiga  elektr uskunalar eskirishining oldini olish;

beshinchi – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni yanada rivojlantirish, kengaytirish va ularni yagona elektr tizimiga integratsiyalash;

oltinchi – elektr energetika bozorining samarali modelini ishlab chiqish.

Partiyamiz saylovoldi dasturidan o‘rin olgan yirik sanoat korxonalarida mikroenergetika ishlab chiqarish manbalarini joriy etish, 2050 yilgacha 60-80 foiz uylarning isitish tizimini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanishini ta’minlash bo‘yicha dastur qabul qilishga oid muhim takliflar mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirishda shubhasiz katta qadam bo‘ladi.

Misol uchun, partiyamiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilgan va undan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan barcha turdagi iste’molchilar uchun mazkur qurilma xarid qiymatining 50 foizini davlat tomonidan subsidiyalash tizimini joriy etishni taklif etmoqda. Bundan tashqari, energiya tejovchi arzon uy-joylar qurish bo‘yicha loyihalarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish bo‘yicha taklifimiz ham ayni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.

Ikkinchidan, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bugungi kunning eng dolzarb masalasiga aylanmoqda.

O‘zbekiston uglevodorod energiyasi – neft, gaz, ko‘mirdan foydalanish hisobiga har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 4,5 foizini yo‘qotmoqda. Shu bois mamlakatimizda ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan samarali hisoblangan «yashil energetika»ga o‘tish har jihatdan afzal hisoblanadi.

Aholi va xo‘jalik yuritish tarmog‘i isitish tizimi kuz-qish mavsumida energiyani eng ko‘p iste’mol qilishi natijasida energiya yetkazib berishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi. Partiyamiz tomonidan ayni shu muammoga munosib yechim bo‘la oladigan tashabbus ilgari surilmoqda va 2050 yilgacha 60-80 foiz uylarning isitish tizimini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanishini tashkil etish bo‘yicha dastur qabul qilish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, global iqlim o‘zgarishlari sharoitida mamlakatning ekologik xavfsizligini ta’minlash va barqaror ekologik rivojlanishga asoslangan iqtisodiyotni barpo etish.

Ushbu g‘oyani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Ekologik partiyasi saylovoldi dasturida bir qator vazifalar belgilab olinganini qayd etishimiz lozim. Jumladan:

ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish;

iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan iqlimiy moliyalashtirish tizimini joriy etish;

«yashil» innovatsiyalarni joriy etishda xususiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklikni va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish;

tijorat banklari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslar uchun «yashil» depozit xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy etish va bunday mijozlar uchun alohida imtiyozli bank tariflarini yo‘lga qo‘yish, yashil va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun investitsiya fondini tashkil qilish.

«Yashil» iqtisodiyotga o‘tish birdaniga amalga oshadigan tezkor jarayon emas, albatta. Bu borada qanday moliyaviy dastaklardan foydalanish muhimligini e’tibordan chetda qoldirmasligimiz zarur. Ayniqsa, bu jarayonda davlatning o‘rni, bozor mexanizmlari uchun yaratilayotgan shart-sharoit sohaning nechog‘li rivojlanib ketishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchidan, atmosfera havosiga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash.

Saylovoldi dasturimizdan atmosfera havosi ifloslanishi muammosiga yechim bo‘ladigan bir qator takliflar o‘rin olgan. Jumladan, 2035 yilgacha avtomobilsozlik sanoatini to‘liq elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish, 2050 yilga qadar uglerod neytralligi va nol emissiyaga erishish taklif etilmoqda. Buning uchun zarur infratuzilma yaratish, jumladan, jamoat transportini elektrobuslar hisobidan rivojlantirish, elektrobuslarni zaryadlash stansiyalarini qurish uchun tadbirkorlarga yer maydonlarini ajratish kabi vazifalarni ilgari surmoqdamiz.

Butun dunyoda avtomobilsozlikda ekologik toza elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tish jarayonlari shiddat bilan rivojlanayotganini hisobga olib, 2035 yilga qadar avtomobilsozlik yo‘nalishini bosqichma-bosqich elektromobillarga ixtisoslashtirish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston Ekologik partiyasi saylovoldi dasturida belgilangan strategik vazifalar mamlakatimiz barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitini yaratish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Xalqimizni, ekologiyaga befarq bo‘lmagan barcha fuqarolarimizni dasturimizda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda, atrof-muhitni muhofaza qilish va bebaho tabiiy boyliklarini asrab-avaylashdek muhim maqsadlarga erishishda birgalikda faol ishtirok etishga chaqiramiz.

O‘zbekiston ekologik partiyasi

Markaziy kengashi axborot xizmati.