Yashillikka kafolat kerak: Biz uni yarata olyapmizmi?

Yer ustidagi haqiqiy jannatni asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan. O‘zbekiston bag‘rida o‘sayotgan nabotot olamining shuhrati olamga mashhur. Alohida giyohlar, daraxtlar, mevalar xususida esa g‘ururimiz bundan-da bo‘lak.
Biroq zamona zayli tabiatga munosabatni o‘zgartirdimi, har qalay, bu mavzu yana birinchi o‘ringa chiqdi. Aniqroq qilib aytganda, ota-bobolarimizdan qolgan bog‘ yaratish, daraxt ekish, ziroatni inson manfaatiga xizmat qildirish an’anasini unutganimiz bois biz bu ishni qaytadan tashkil etyapmiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan barpo etilayotgan mahalla, shaharcha, dam olish maskanlari va bog‘-rog‘larda aynan shu an’analar talabi hisobga olinmoqda.
Xo‘sh, bu talablar nimalardan iborat?
Birinchidan, daraxt niholini qayerga o‘tqazishni aniqlash.
Ikkinchidan, niholni sug‘orish manbasini yaratish.
Uchinchidan, hududbop, uning tabiatiga mos daraxt niholini tanlash.
To‘rtinchidan, ekilgan har bir nihol uchun mas’ul biriktirish.
To‘g‘ri, har yili kuzda va bahorda ko‘chat o‘tqazamiz. Samarasi yomon emas, harnechuk ekkan nihollarimizning muayyan qismi tomir otyapti. Lekin bir qator muammolar borki, agar biz ularni bartaraf eta olsak, qilayotgan ishimiz bundan-da yaxshi samara berishi shubhasiz.
Eng avvalo, ariqlarni tozalashimiz, ularda muntazam (hech bo‘lmaganda vaqti-vaqti bilan) suv oqib turishini ta’minlash, tomchilatib sug‘orish uskunalarini o‘rnatish, nihollar parvarishi uchun, albatta, mas’ullar biriktirish va ularni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish lozim.
Ayrimlar axir bu ota-bobomizdan qolgan meros-ku, daraxt ko‘kartirganga ham pul berishimiz kerakmi, deb o‘ylashi mumkin. To‘g‘ri, uyda, hovlisida, hovli atrofida, ishxonada daraxt ekib ko‘kartirish uchun birovni rag‘batlantirish shart emas. Chunki bu qonuniy, insoniy burchimiz. Aslida, har bir oila o‘z uyi atrofida kerakli nihollarni tanlab, o‘stirsa, ana shu tadbirning o‘zi ham ishimizning yarmini hal qiladi. Katta yo‘l yoqalarida barpo etilayotgan xizmat ko‘rsatish shoxobchalari egalariga ham shunday mas’uliyatni yuklash mumkin.
Aholi yashaydigan joylardan uzoq hududlarda daraxt nihollari ekish, bog‘lar barpo qilish nihoyatda ehtiyotkorlik va puxta reja bilan amalga oshirilishi lozim. Bu borada raqamlar uchun shoshilish samara bermaydi. Yo‘l yoqalarida qarovsizlikdan qurib qolgan bog‘-rog‘lar, daraxtlar fikrimizni isbotlab turibdi. Umuman, tekin narsa doimo qadrsiz bo‘ladi.
Demoqchimanki, bugun mutaxassislarni, keksa bog‘bonlarni, nuroniylarni ishga solib, ularning tajribasidan foydalanaylik. Aholi o‘rtasida nafaqat nihol o‘tqazish, balki suvni tejash, atrofni saranjom-sarishta saqlash yuzasidan suhbatlar tashkil etaylik, hasharlar uyushtiraylik. Ana shunda tajribalar ommalashadi, odamlar bizga ergashadi.
Davlat loyihalarida, rejalarida “Yashil makon” loyihasi bo‘yicha garchi mas’ullar, manzillar, mablag‘lar masalasi yechimini topgan bo‘lsa-da, ular uchun eng muhimi – kafolatni yaratishimiz kerak. Kafolat, bu – ana shu dasturning oqilona, rejali bajarilishi, mablag‘dan samarali foydalanilishi, va eng muhimi, ekilgan nihol taqdiri uchun javobgarlikning shakllanishi. Kafolat, bu – har birimizning yashillik yaratishga hissa qo‘shishga intilishimiz, ko‘kargan nihollardan zavqlanishimiz.
Farmon TOShEV.