YaTT xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirildi
«Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritildi:
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma QQSdan ozod etildi;
- shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar miqdorida hisoblash tartibi bekor qilindi;
- YaTT xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirildi;
- soliq to‘lovchilar bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish majburiyatidan ozod etildi.
Shuningdek,
- mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod etildi;
- noshirlik-matbaa faoliyati, axborot texnologiyalari, ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini tadbirkorlarga ishga joylashtirish, yoshlarni avtomobil yo‘llaridagi ko‘chma savdo ob’yektlari orqali tovarlarni realizatsiya qilishga jalb etish, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kam ta’minlangan oila a’zolarini ishga qabul qilish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etildi;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari berildi.