Yetimning haqini yegan hech qachon ro‘shnolik ko‘rmaydi

"Otam Abdug‘affor Sattorov oilaviy sharoiti qiyinligi sababli 2004 yil 1 mayda mahallamizda yashovchi Tohir Hasanovdan 505 ming so‘m miqdorida qarz olib, bu haqda tilxat yozib bergan. Onam 2001 yilda olamdan o‘tgandi, 2005 yilda esa otamdan ham ajralib qoldik. Biz, voyaga yetmagan besh farzand oila g‘ami, tirikchilik tashvishiga ko‘mildik. Otamning qarzini vaqtida qaytarolmadik. Hatto yashashimiz qiyin bo‘lib qolganidan kichik ukam Sattorni Samarqand shahridagi SOS bolalar mahallasiga topshirdik. 

Qarz o‘z nomi bilan qarz-da, yuki og‘ir bo‘ladi. Oradan bir necha yil o‘tgach, pul to‘plab, otamning qarzini uzish uchun T.Hasanovga olib borsak, u kishi "Otang menga o‘sha pul evaziga yer uchastkasini sotgan, mening nomimga o‘tkazib ham bergan", dedi. Biz bu gapga ishondik. Otam asab kasalliklari bo‘yicha ikkinchi guruh nogironi edi. Davlat tomonidan esa nogironlarga soliq imtiyozlari berilgan, shuning uchun yer uchastkasiga soliq to‘lamasdik. Bir necha yil oldin soliq idorasidan otamning nomidagi yer uchastkasi uchun soliq to‘lash kerakligi to‘g‘risida xat keldi. Shundan so‘ng surishtirib bilsak, otam yer uchastkasini sotmagan, faqat qarzga pul olgan, yozgan tilxatida ham yer uchastkasi haqida hech qanday gap yo‘q. Bu masalada yordam so‘raganimizda, mahalla faollari yig‘ilib, majlis qilishdi. Otamning olgan qarzini o‘sha paytdagi pul qiymati bo‘yicha hisoblab, hozirgi narxda 15 million so‘m berishimizni, T.Hasanov esa yer uchastkasini bizga qaytarishga kelishildi. Mol-holimizni sotib, 15 million so‘m pul to‘plab, olib borsak, u kishi "45 million so‘m bermasang, yer yo‘q", deya qat’iy javob berdi…" 

Xat mazmuni bilan tanisha turib muqaddas kitoblardagi yetimning haqiga xiyonat qilish og‘ir gunohligini uqtiruvchi nasihatlar yodimizga tushdi. Nahotki T.Hasanov buni anglamagan bo‘lsa, degan o‘y kechdi xayolimizdan. 

Xullas, tafsilotni joyida o‘rganish maqsadida tuman hokimligi mas’ul vakili va mahalla raisi hamrohligida Tepaqishloq mahallasida bo‘ldik. 

Voqeaga aloqador shaxslar, xat muallifi bilan uchrashib, fikrlarni eshitdik. To‘g‘risi, ular bilan uchrashganimizga bir necha oy vaqt bo‘ldi, lekin biz qishloqdoshlarning o‘zlari kelishib olar, mahalla-ko‘y, yoshi ulug‘ insonlar ularning o‘rtasiga tushib, barchaga ovoza qilmasdan nizoni bartaraf etishar, degan umidda edik. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tsa hamki, o‘rtadagi yer talashish, qarz masalasi hal bo‘lmadi. Aksincha, kelishish o‘rniga sudlashuvlar boshlanib ketdi. 

Ungacha esa mahalla faollari 2014 yil 9 oktyabrda yig‘ilish o‘tkazib, yuqorida aytilganidek, A.Sattorovning o‘g‘li Qobil Sattorov otasi olgan 505 ming so‘m qarzini hozirgi kundagi narxda hisoblab, 15 million so‘m qilib to‘lash, T.Hasanov esa yer uchastkasini qaytarib berishga kelishishgan. Ammo T.Hasanov mahalla qaroriga zid ravishda shuncha yildan buyon foydalanib kelinayotgan yer uchastkasini qaytarishni istamaydi. Shundan so‘ng ikki oilani murosaga keltirish uchun shu yilning o‘zida mahalla faollari uch marta yarashtiruv qilgan. Natija hamon samarasiz. Xulosa esa sud tomonidan masalaga oydinlik kiritilishiga kelib taqalmoqda.   

Balki bu masala ular istagandek sud orqali adolatli yechimini topar, biroq mahalladoshlar keyinchalik to‘y-hasham, ma’raka-majlisda bir-birining yuziga qanday qaraydi? Farzandlaru nabiralarga ota-bobong qanday odam bo‘lgan deyishsa, nimani o‘rnak qilib ko‘rsatishadi? 

Yana bir jihat borki, yaxshilik evaziga ustama talab qilish sudxo‘rlikdan o‘zga narsa emas. Bu esa ham diniy, ham dunyoviy tarbiyamizda qattiq qoralanadi. Faqat bir narsani aytish mumkin: tarix guvoh – birovning haqini yegan kishi boy bo‘lgan yoki ro‘shnolik ko‘rgan emas.